Karantin choʻzilib ketsa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishmovchiligi yuzaga kelmaydimi?
Bugun AOKA huzuridagi shtabda Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Saidkamol Xoʻjayev ishtirokida oʻtkazilgan brifingdan muhim savollarga batafsil javob berildi.
Savol: Bahorgi mevalarni ichki bozorlarga yetkazish va xorijga eksport qilishda karantin taʼsir qilmaydimi?
Javob: Yoʻq. Oʻzbekiston qishloq-xoʻjaligi mahsulotlarining asosiy xaridor davlatlari — Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Belarus, Ukraina va boshqa davlatlar bu mahsulotlar kirishiga chegaralarini yopgani yoʻq va mahsulotlari importiga qoʻshimcha yengilliklar kiritildi.
Koronavirus pandemiyasi taʼsirida yuzaga kelgan global iqtisodiy inqiroz sharoitida eksportchilar va tadbirkorlarda yuzaga kelayotgan muammolarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida, Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida 24/7 rejimida uzluksiz faoliyat yurituvchi qishloq xoʻjalik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash shtabi va “Call centerlar” tashkil etilgan.
Ishonch telefoni: 71 260 36 87, 71 260 48 73.
Shtab tomonidan, tadbirkorlarda yetishtirish, eksport qilish va ichki bozorlarga yetkazish faoliyatini barqarorligini taʼminlash boʻyicha yuzaga kelayotgan masalalarga tezkor yechimlar topish uchun tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda barcha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Savol: Kartoshka tanqisligi vujudga kelmasligi uchun qanday choralar koʻrilyapti?
Javob: Respublikamizda kartoshka taqchilligi (45-50 ming tonna oyiga) asosan mart-aprel oylariga toʻgʻri keladi.
2020-yilda respublika boʻyicha asosiy va gʻalladan boʻshaydigan takroriy hamda tomorqa xoʻjaliklarida jami 130 ming gektar maydonda 2,9 mln. tonnaga yaqin kartoshka ishlab chiqarish prognoz koʻrsatkichlari belgilab olindi. Yil davomida ichki isteʼmolni toʻliq qoplashga yetadi.
Savol: Karantin choʻzilib ketsa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishmovchiligi yuzaga kelmaydimi?
Javob: Yoʻq, hech qanday yetishmovchilik boʻlmaydi.
Chunki janubiy viloyatlardagi mirishkor dehqonlarimiz dalalarida aprel oyidan boshlab oziq-ovqat mahsulotlari ichki bozorlarimizga yetkazib berila boshladi.
Shuningdek, respublikaning barcha hududlaridagi issiqxonalarida pomidor, bodring, shirin qalampir va baqlajon mahsulotlari uzluksiz ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berilmoqda. Bugungi kunda respublika hududlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmi kundan-kunga ortib borishi natijasida ichki va tashqi bozorlarga sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beriladi.
Tibbiy meʼyorlar boʻyicha aholini meva-sabzavotlarga boʻlgan talabi 10 mln 300 ming tonnani, shundan kartoshka 1 mln 784 ming tn, sabzavotlar 4 mln 440 ming tn, mevalar 2 mln 479 ming tn, uzum 593 ming tn, poliz mahsulotlari 583 ming tn, dukkaklilar 115 ming tn, guruch 332 ming tonnani tashkil etadi.
2020-yilda 24,8 mln. tonna (2019-yilga nisbatan 125 foiz koʻproq) 88 turdagi meva-sabzavotlar, shundan 42 turdagi 12,9 mln tonna sabzavot, 5 turdagi 2,5 mln tonna poliz, 3,5 mln tonna kartoshka, 27 turdagi 3,3 mln tonna mevalar, 3 turdagi 1,9 mln tonna uzum, 4 turdagi 630 ming tonna dukkakli va 6 turdagi 139 ming tonna moyli mahsulotlar yetishtirish belgilab olindi.
Aholi talabi va eksport imkoniyatlarini hisobga olib yetishtirilgan mahsulotlarning 10,3 ming tonnasi aholi isteʼmoliga, 3,2 mln. tonna qayta ishlashga va 2,3 mln. tonnasi eksportga yoʻnaltiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring