Kaftdek yerga joylashgan millionlar
Fargʻonaliklar bogʻ parvarishlash va dehqonchilik bobida azaldan oʻziga xos maktab yaratgan. Ular juda mirishkor. Bugun Quva-Fargʻona,Quva- Margʻilon katta yoʻl yoqalari, Quva-Shaxrixon-Marhamat katta magistralida yaratuvchanlik moʻjizalariga guvoh boʻlasiz.
Urugʻni yerga qadab, parvarishlab, payvandlab, mevali koʻchatga aylantirish uchun dehqondan katta sabot, mehnatga ijodkorona yondashuv talab etiladi. Katta yoʻl boʻyida joylashgan Namuna QFY tasarrufida Yangi chek, Turk, Teraktagi,Paxtaobod kabi mahalla xonadonlarida koʻchat savdosi avj pallaga kirdi. Tumanning Oʻzbek qishlogʻida koʻchat bozori tashkil etilgan. Mozortagi, Boyiston(nomi shunday) qishloqlarining mirishkorlari yetishtirgan mevali, manzarali koʻchatlar, gul niholchalariga xaridorlar oqimi uzilmaydi.
Koʻklam kunlarida koʻchatchi mirishkorlarining qoʻli-qoʻliga tegmaydi. Teraktagi qishlogʻilik Salohiddin Soliyev bundan besh yil avval tashlandiq, dehqonchilikda foydalanilmaydigan yerni olib ezgu niyat bilan umid nihollarini qadagan edi. Bugun esa uning koʻchatlari butun mamlakat boʻylab tarqatilyapti.

Sarvar Otamurodov 6 sotixlik yerida 12 ming tup archa koʻchatlari yetishtirdi. Navroʻz arafasida 7 ming 600 dona gul, 3 ming 220 tup archa koʻchatlari xaridorlarga yetkazib berildi. Koʻchatchilar sulolasining uchinchi avlodi boʻlgan bu sohibkor atirgul yetishtirishda ham katta mahoratga ega. Bir tupda uch-toʻrt xil rangda ochiladigan anvoyi atirgullari Rossiya, Qozogʻiston davlatlarigacha yetib bordi.
Soliha aya Otaboyeva keksalik gashtini mehnatga bogʻlab surayotgan onaxonlardan. Oila aʼzolarini koʻchatchilikka jalb qilib 16 sotix yerda meva nihollari parvarishlashni yoʻlga qoʻygan. Joylarga bir kunda 2 ming tup koʻchat yetkazib beryapti.
–Hududimizda 800 xonadon mavjud. Deyarli barchasi koʻchatchilik bilan shugʻullanishadi, – deydi Qoraqum MFY faoli Egamberdi Rahmonov. –Mahallaning bu sohada bir asrdan ziyod tajribasi bor. Toshloq, yarim adir yerlarda parvarishlangan mevali, manzarali koʻchatlarning 10-15 ming donasi har kuni respublikamiz viloyatlariga olib chiqib ketiladi. Bundan ikki yarim yil avval aka-uka Abdugʻani va Gʻayrat Mamadaliyevlar 2 gektar yerni oʻzlashtirib koʻchat yetishtirishga kirishishdi. Bugunga kelib ularning koʻchatlari xaridorgir. Bir mavsumning oʻzida 15-20 million soʻmlik daromadga ega boʻlyaptilar. Ana shu aka-ukalardek saxovatpeshalarning koʻmagi bilan yaqinda “Mozortagi” qabristoni devorlari yangilanib hudud yana-da obodonlashtirildi.

Erta bahorda tuman hududidan oʻtuvchi katta magistral yoʻlning har ikki tomoniga koʻchat yetishtiruvchi xonadonlar tomonidan 600 tup manzarali va 300 dan ortiq turli xil gul koʻchatlari xayriya qilinib, hashar yoʻli bilan ekildi.
Quvalik mirishkor tadbirkorlarning Hisob-kitoblariga koʻra,joriy yil tumanda 30 million tup mevali va manzarali koʻchatlar yetishtirilmoqda.
Quva yoʻllarida saf tortgan olma, anor, oʻrik, nok, shaftoli, behi, gilos, bodom, yongʻoq kabi sarxil meva koʻchatlari savdosiga chorlovning ham hojati yoʻq. Ularni koʻrgan odamning koʻngliga bogʻ yaratish ishqi tushib qoladi. Atigi kaftdek yeri uchun ham bir tup nihol sotib oladi. Umid bilan yerga qadaydi. Aslida koʻklamning gashti ham shunda.
Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring