Yoʻllar ravon boʻlsa, manzil yaqinlashadi
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Yoʻllar har bir mamlakat iqtisodiyotining umumiy rivoji, aholi farovonligining koʻzgusi va har bir hudud investitsiyaviy jozibadorligi hisoblanadi.
Shu bois soʻnggi yillarda respublikamizda viloyat va tumanlar markazlarini bogʻlovchi keng tarmoqli transport aloqalari hamda davlatlararo yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirishga iqtisodiyotimiz ravnaqining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtibor qaratilmoqda.
Mazkur omillar Navoiy viloyatida ham hududning barcha toifadagi avtomobil va mintaqaviy tasnifdagi(ichki koʻcha) yoʻllarning yoʻl qoplamalari holatini zamon talabiga moslashtirish, ekspluatatsiya qilish xususiyatlarini oshirish orqali yoʻl-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish, ayniqsa, qishloq joylarida harakat uchun qulay shart-sharoitlar yaratish vazifalarini taqozo etadi.

Shularga koʻra oʻtgan yili viloyatda barcha dasturlar doirasida 704,1 km (581,5 km asfalt, 122,6 km shagʻal qoplamali) avtomobil yoʻllari taʼmirlanib, ularda joylashgan 17 dona sunʼiy (koʻprik) inshootlari tiklandi.
— Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 20,8 km avtomobil yoʻllari rekonstruksiya qilindi va taʼmirlandi, — deydi Navoiy viloyati Avtomobil yoʻllari bosh boshqarmasi boshligʻi Alisher Halimov. — Xususan, umumiy foydalanishdagi yoʻllarni rekonstruksiya qilish boʻyicha 8 km yoʻllar rekonstruksiya qilindi va 85 pogonometrlik koʻprik mukammal taʼmirlanib, 4R57 “Qizilqum halqa” avtomobil yoʻlining 0-8 km qismi rekonstruksiya qilindi hamda Zarafshon daryosi ustidan oʻtuvchi A379 “Navoiy — Uchquduq (Zarafshon shahri orqali)” avtomobil yoʻlining 2,4 kmda joylashgan 85 pogonometrlik koʻprik mukammal taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi.
Yoʻllar har bir hudud sayyohlik jozibadorligining garovi hamdir. Shu jihatdan mazkur yoʻnalishdagi yoʻllarning rekonstruksiya qilinib, xavfsizligining taʼminlanishi Nurota va Xatirchi tumanlariga sayyohlik oqimining oshishiga xizmat qilmoqda.

— Oʻtgan yili turizm obyektlariga olib boruvchi 12,8 km avtomobil yoʻllari va 1 dona koʻprik taʼmirlandi, — deya davom etadi A. Halimov. — Bundan tashqari, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish dasturi doirasida 7 ta obyektda 2024-yil ajratilgan limit mablagʻlar boʻyicha taʼmirlash ishlari bajarildi va 3,0 km avtomobil yoʻllari hamda 1 dona koʻprik foydalanishga topshirildi.
Aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan muammolardan hisoblangan ichki yoʻllarni qurish-taʼmirlash borasida 287,9 km uzunlikdagi yoʻllar taʼmirlanib, “Tashabbusli byudjet” dasturining mavsumlarida jami 46 ta obyektda 98,3 km ichki yoʻllar toʻliq taʼmirdan chiqarildi. Bundan tashqari, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 40,2 km ichki yoʻllar taʼmirlanib, mahalliy byudjet hisobidan dizel yoqilgʻi mahsulotlarini ajratgan va yoʻl korxonalarining maxsus texnikalaridan unumli foydalanilgan holda hududlardagi 122,6 kmdan ortiq tuproq yoʻllar shagʻal qoplamaga oʻtkazildi.

Yoʻl ravon boʻlsa, manzil yaqinlashadi. Keng maʼnoda mamlakatimiz taraqqiyot yoʻlini tanlagan ekan, yoʻllarimizning zamon talablariga mosligi koʻzlagan marralarga erishishning muhim omilidir.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring