“Yo‘l xaritasi” — muammolar yechimida muhim dasturilamal
Hasan PAYDOYEV - "Xalq so'zi"
Yurtimizda hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi yashash sharoitini tubdan yaxshilash, ularning turmush darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarga erishish maqsadida sektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Birgina Zafarobod tuman prokurori, 2-sektor rahbari aholi xonadonlariga uyma-uy kirib, muammolarini aniqlash va bartaraf qilish yuzasidan tizimli ravishda ishlar olib bormoqda.
Аytish kerakki, ushbu sektor hududiga qarashli “Birlik” QFY va “Yorqin” ShFYda jami 2479 ta xonadonda 16240 nafar aholi istiqomat qiladi. Ishchi guruh aʼzolari tomonidan 8 ming 190 ta aholi xonadoni o‘rganilib, ulardagi minglab muammolar bartaraf qilindi.
Jumladan, 216 ta xonadonga gaz ballonlar tarqatildi, 325 nafar fuqaroga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatildi, 478 nafarining bandligi taʼminlandi, 49 nafariga kredit ajratildi, 6 nafar shaxsga fuqarolik pasporti olib berildi, 81 nafar fuqaroga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Shu bilan birga, hududdagi maktablarda kompьyuter savodxonligi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari rejalari ishlab chiqilib, yoshlar ishtirokida dars mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida elektron kutubxona tashkil qilinib, aholi tomonidan foydalanib kelinmoqda.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda, birinchi navbatda, qishloq aholisi yo‘llarini taʼmirlash, toza ichimlik suvi bilan taʼminlash borasida salmoqli ishlar bajarilmoqda.
Аholi xonadonlarida uyma-uy yurish natijasida taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan ichki yo‘llarni taʼmirlash bilan bog‘liq 126 ta muammo aniqlanib, tuman prokuraturasining tashabbusi bilan mazkur yo‘nalishda ham salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan “Birlik” QFY hududiga 35 mln. so‘mlik, “Yorqin” ShFY hududiga 152,5 mln. so‘mlik transformatorlar o‘rnatildi. Nosoz 48 dona simyog‘ochlar temir-beton ustunlarga almashtirilib, 1,5 km. elektr uzatish tarmog‘i yangidan tortildi. Shuningdek, “Birlik” QFY va “Yorqin” ShFY hududidagi ichki yo‘llarga 192,3 mln. so‘mlik 1,7 km. shag‘al qoplamalari yotqizildi.
Bulardan tashqari, 2-sektor hududidagi “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kiritilganlarni ish bilan taʼminlash borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
“Temir daftar”ga kiritilgan 121 nafar mehnatga layoqatli shaxslar ishga joylashtirildi. Hozirda ushbu daftarga kiritilgan 79 ta ehtiyojmand oilalarning oilaviy sharoiti yaxshilangani sababli “temir daftar”dan chiqarildi.

Bu hali hammasi emas. Tuman hududida sodir bo‘lgan barcha jinoyat mahalla fuqarolar yig‘inlarida sektorlar rahbarlari ishtirokida muhokama qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olinmoqda. Jinoyatlarning fosh etilishi yuzasidan Zomin tumanida joriy yilning birinchi yarmida 95 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar fosh etilmasdan qolgan jinoyatlar mavjud emas.
Joriy yil davomida ishchi guruh aʼzolari tomonidan qayta xatlov o‘tkazish natijasiga ko‘ra, 214 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan xotin-qizlar borligi aniqlanib “ayollar daftari”ga kiritildi. Bugungi kunda daftarga kiritilgan xotin-qizlar bandligini taʼminlash bilan bir qatorda, ularga boshqa turdagi yordamlar ham ko‘rsatilmoqda.
Misol uchun, “ayollar daftari”ga kiritilgan 24 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlarning 16 nafari ish bilan taʼminlandi, 3 nafar ayollar kasb-hunarga o‘qitilmoqda, 2 nafar tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun kredit olish istagini bildirgan ayolga kredit ajratish choralari ko‘rilmoqda. Bulardan tashqari, psixologik va huquqiy yordamga muhtoj xotin-qizlarga yordamlar ko‘rsatilyapti.

Xatlov natijasiga ko‘ra, 171 nafar yosh “yoshlar daftari”ga kiritilgan. Ushbu 171 nafar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning bandligini taʼminlash borasida yoshlarning 11 nafariga 20 mln. 100 ming so‘mlik subsidiyalar ajratish yo‘li bilan ularning bandligi taʼminlandi.
— O‘nlab yoshlarga payvandlash uskunasi va tikuv mashinalari olib berildi, — deydi tuman prokurori D. Baynazarov. — Bundan tashqari, haydovchilik guvohnomasi olish istagini bildirgan yoshlar to‘lovlarini to‘lashga ko‘mak berildi. Shuningdek, 8 nafar yoshlarga 980 ming so‘mdan jami 7 mln. 840 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Oliy taʼlim muassasalarida shartnoma asosida tahsil olayotgan yoshlarning salkam 38 mln. so‘mlik shartnoma to‘lovlari to‘lab berilgan.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlardan 4 nafari kasb-hunarga o‘qitilib, 78 nafari qishloq xo‘jaligi sohasida yer ajratilgan. Misol uchun, M. Аbdurasulova, Sh. Toshpo‘latov, B. Ro‘zimurodov, S. Qarshiboev va boshqalarga fermer xo‘jaliklari yer maydonlaridan 0,5 gektardan jami 39 gektar yer maydonlari ekin ekish uchun ajratib berildi.
Shunga asosan, “yoshlar daftari”ga kiritilgan 171 nafar yoshdan 163 nafarining muammolari hal etilib, daftardan chiqarilishi taʼminlandi. Hozirda “yoshlar daftari”ga kiritilgan 8 nafar yoshni daftardan chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
Bu borada tuman prokuraturasi tomonidan 2-sektor hududidagi “ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar va “yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni ish bilan taʼminlash, ularga har tomonlama ko‘mak berish hamda ularni qiynab kelayotgan muammolarini hal etish borasida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Bu esa muammolar yechimida qo‘l kelmoqda.
“Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring