Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha Transport vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasiga ham vakolatlar berilmoqda

17:05 24 Oktyabr 2023 Jamiyat
254 0

Foto: Akmal Muhammadov, «Xalq so‘zi»

2023 yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan bir qator qonunlar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

“Probatsiya to‘g‘risida”gi, “Yo‘l harakati to‘g‘risida” gi, “Soliq va budjet qonunchiligi  takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi,  “Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Xususan, “Probatsiya to‘g‘risida”gi Qonunda probatsiya tizimining asosiy tushunchalari, probatsiya xizmati faoliyatini tashkil etish tartibi, probatsiya nazoratidagi shaxslarning huquqiy holati, probatsiya nazorati va ijtimoiy moslashtirish shakllarini qo‘llash tartibi, probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvorini baholash mezonlari, probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan elektron kuzatuv vositasini qo‘llash masalalari tartibga solinayotganligi alohida ta’kidlandi.

Qonunda probatsiya nazoratidagi shaxslarga nisbatan tabaqalashtirish va individual yondashish prinsipi aniq belgilab qo‘yilmoqda.  Probatsiya xizmatining huquq va majburiyatlari mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Yana bir muhim qonun “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni yangi tahrirda ishlab chiqilganligi va takomillashtirilganligi qayd etildi.

Qonun bilan yo‘l harakati sohasida Vazirlar Mahkamasining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, Transport vazirligi va uning idoraviy tashkilotlarining, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining, Davlat bojxona qo‘mitasining vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Natijada, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga nafaqat tor doiradagi mas’ul tashkilotlar balki, boshqa davlat idoralari va keng jamoatchilikning salohiyati safarbar etiladi.

Keyingi muhokama qilingan Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi hamda Fuqarolik-protsessual kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun bo‘lib, unda taftish instansiyasida ish yuritish tartibi yangi bob bilan yoritib berilmoqda.

Bundan tashqari, “Soliq va budjet qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan qonunlar va qonunosti hujjatlari o‘rtasida o‘zaro muvofiqlikni ta’minlash, budjet tizimi va budjet jarayonini takomillashtirish hamda davlat sektorida ichki audit faoliyatini tartibga solishning qonunchilik asoslarini yanada mustahkamlash kabi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilayotgani ta’kidlandi.

Foto: Akmal Muhammadov, «Xalq so‘zi»

Majlis yakunida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер