Yillik 21,9 mln. metr kub oqova suvlar atrof-muhitga toza holda tashlanmoqda

19:21 02 Dekabr 2023 Jamiyat
474 0

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. 

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi “Yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan suv sathi 5 metrdan ortiq pasayib ketgan hududlar (Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Andijon, Namangan, Fargʻona viloyatlarining ayrim hududlari)da quduqlarni burgʻilash boʻyicha moratoriy eʼlon qilindi. Yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash hamda mavjud quduqlardan yerlarni suv tejovchi texnologiyalarsiz sugʻorish taqiqlandi.

Shuningdek, vazirlik tomonidan 2023-yilda sanoat korxonalarida lokal oqova tozalash inshootlari qurish va rekonstruksiya qilinishini nazoratga olish, tabiiy obyektlarga ifloslangan oqova suvlar tashlanishining salbiy taʼsirini kamaytirish, yirik daryolarning suvni muhofaza qilish zonalarida ifloslantiruvchi manbalarni bartaraf qilish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, meʼyoridan ortiqcha ifloslangan ishlab chiqarish oqova suvlarini hosil qiluvchi korxonalar bilan lokal oqova tozalash inshootlarini qurish yoki rekonstruksiya qilish boʻyicha chora-tadbirlar tasdiqlandi. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 3 ta, Andijonda 6 ta, Buxoroda 2 ta, Jizzaxda 7 ta, Qashqadaryoda 4 ta, Navoiyda 7 ta, Namanganda 6 ta, Samarqandda 8 ta, Sirdaryoda 8 ta, Surxondaryoda 4 ta, Toshkent viloyatida 13 ta, Xorazmda 4 ta va Toshkent shahrida 7 ta korxonada lokal tozalash inshootlari qayta tiklanmoqda. 

Buning natijasida kunlik hosil boʻlayotgan 73,2 ming metr kub yoki yillik 21,9 mln metr kub oqova suvlarning atrof-muhitga tozalanmasdan tashlanishining oldi olinmoqda, ochiq suv havzalaridagi suv sifati yaxshilanmoqda.

Maʼlumot uchun, 2023–2025-yillarda bosqichma-bosqich respublika boʻyicha 34 ta yer usti tabiiy suv obyektlari (daryolar, kichik daryolar va tabiiy koʻllar)ning sanitariya-muhofaza zonalarini belgilash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер