Ijtimoiy tarmoqlarda mutaxassis bergan maʼlumotlar notoʻgʻri talqin qilinmoqda — Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi axborot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fikrlar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qildi.
Maʼlumot uchun, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, dori vositalarining, tibbiy buyumlarning va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin ruxsat etiladi. (Hozirga qadar mamlakatimizda 9294 ta dori vositasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.)
Qayd etilganidek, 2023-yil davomida huquqni muhofaza qilish organlari va tibbiyot tashkilotlari hamda fuqarolar tomonidan dori vositalari va tibbiy buyumlarni ekspertiza qilish yuzasidan kelib tushgan murojaatlar asosida 6000 dan ortiq turdagi (davlat roʻyxatidan oʻtmagan va noqonuniy muomalada boʻlgan) dori vositalarining tibbiyot amaliyotida qoʻllash mumkin emasligi yuzasidan tegishli xulosalar berildi.
Bundan tashqari, 2022-yilda yurtimizda dori vositalari bilan roʻy bergan noxush holatlarning qayta takrorlanmasligini oldini olish maqsadida “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” direktorining tegishli buyrugʻiga binoan, 2023-yil davomida Markaz va uning filiallari laboratoriyalarida davlat roʻyxatidan oʻtkazish, roʻyxatdan oʻtkazilganlik guvohnomasini amal qilish muddatini uzaytirish, shuningdek, muvofiqlikni baholash (sertifikatlashtirish) maqsadida taqdim etilgan 1000 dan ortiq seriyadagi dori vositalarining tarkibida etilenglikol va dietilenglikolni aniqlash sinovlari amalga oshirildi.
Taʼkidlash joiz, bu nazorat tahlillari orqali, mazkur dori vositalarining tarkibi tekshirilib yuqoridagi zararli moddalar mavjud emasligi aniqlandi. Afsuski bu maʼlumot, ayrim telegram kanallar orqali umuman boshqa mazmunda notoʻgʻri talqin qilinmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring