“Endi “bola” puli olsam uyat boʻladi...”
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Xabaringiz bor, 2020-yili mahallalarda faoliyat olib boradigan “ijtimoiy xodim” lavozimi joriy etildi. Shu yili idoralararo qoʻshma qarorga binoan “Ijtimoiy xodimlarning maqomi, vazifalari, funksiyalari va malakaviy talablari toʻgʻrisida”gi yoʻriqnoma tasdiqlandi. Ushbu hujjatda ijtimoiy xodimning vazifalari belgilab berildi. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 1-iyunda qabul qilingan “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bu boradagi faoliyatni yanada mustahkamladi. Oradan oʻtgan qisqa muddat ichida soha xodimlari koʻmakka muhtoj, ehtiyojmand fuqarolarning haqiqiy madadkoriga aylandi.
— Uch yoshli farzandim Baxmanyor miya falaji bilan dunyoga kelgan, — deydi Izboskan tumani “Istiqlol” MFYning “Zarchashma” koʻchasidagi xonadonda istiqomat qiluvchi Gulhayo Qodirova.— Hech qanday harakat qila olmasdi. Toʻgʻrisi, barcha umidlarim soʻnib, umrimning oxiriga qadar unga koʻmaklashishga, “oyoq-qoʻli”ga aylanishga qaror qilgandim. Mahallamizdagi ijtimoiy xodim xonadonimizda boʻlib, holatimizni oʻrgangach, ertangi kunga boʻlgan ishonchimiz orta boshladi. Tez orada koʻrsatilgan amaliy yordam tufayli farzandim tibbiy muolajalarga jalb etildi. Hozirda bosh qismini bemalol tuta olyapti, talaffuzida ham oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, yoz fasliga borib yura olishi mumkin. Bu ham boʻlsa mahallalarda ijtimoiy xodim lavozimi joriy etilishining ijobiy natijasi, deb bilaman.
“Istiqlol” mahallasi nafaqat Izboskan tumanida, balki viloyatda ham aholisi koʻp hududlardan biri hisoblanadi. Bu yerdagi 1196 ta xonadonda 7205 nafar aholi istiqomat qiladi. Koʻpchilikning tashvishi ham, muammosi ham koʻp boʻladi. Shu bois ijtimoiy xodim xonadonbay ishlash tizimi orqali barcha muammolarning ijobiy yechimini taʼminlashga harakat qilmoqda. Shu tariqa 2024-yilda 264 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj mahalladoshlarga 175 turdagi amaliy yordamlar koʻrsatildi.
— Ijtimoiy xodimlar ehtiyojmand fuqarolarga yordam berish bilan bir qatorda ularning huquqiy bilimini shakllantirishga ham xizmat qilishlari kerak, — deydi mahalla ijtimoiy xodimi Saidislomxon Saydahmedov. — Sababi, xonadonlarda boʻlganimda shu narsaga amin boʻlmoqdamanki, aksariyat yurtdoshlarimiz oʻz huquqlari tugul, mavjud imkoniyatlardan ham xabardor emas. Oddiygina eshituv moslamasi yoki qoʻltiqtayoqni qayerdan sotib olish mumkinligini yoki bu borada kimga murojaat qilishni bilmaydiganlar ham bor. Shu bois ijtimoiy xodim lavozimining joriy etilishi eng avvalo, koʻmakka muhtoj mahalladoshlarimiz uchun ayni muddao boʻldi.
Mahallaning “Ozodlik” koʻchasidagi xonadonda yashovchi Maxliyoxon Ergashevaning ham quvonchi cheksiz. U avvallari kam taʼminlanganlar roʻyxatiga turgan. Boisi, turmush oʻrtogʻi Abduqahhor kasalmand boʻlgani uchun ancha-muncha ishga yaramaydi. Aksiga olib, nogironlik guruhi belgilanmagan. Ishsizlik, hunarsizlik ayolning qaddini bukib qoʻydi. Uch nafar voyaga yetmagan farzandlaridan ortinib, tayinli ish ham topa olmadi. Oilaning tirikchiligi qaynonasi Azizaxon ayaning pensiyasi, bola puliga bogʻliq edi.
—Ijtimoiy xodim sharoitimiz bilan tanishgach, birinchi galda turmush oʻrtogʻimga nogironlik guruhi tayinlanishiga yordam berdi, — deydi Mahliyoxon Ergasheva biz bilan suhbatda. — Shundan soʻng chilangar-santexnik vazifasiga ishga joylab qoʻydi. Oʻzim binoyidek chorvadorga aylandim. 33 mln. soʻm kredit mablagʻi evaziga 14 bosh zotdor qoʻy sotib oldik. Oilamizdagi bu oʻzgarishlardan ruhlangan qaynonam ham paypoq toʻqish fabrikasiga ishga kirdi. Kechagina pensiya va bolalar puliga qarab qolgan oila koʻz ochib-yumguncha fursat ichida katta daromad egasiga aylandik. Shuning uchun mahalla fuqarolar yigʻiniga chiqib, endiyam bolalar pulini olsam uyat boʻladi, dedim.
Yurtdoshlarimiz mehnatkash, shu bilan birga oriyatlidir. Oʻz oʻrnida ozgina soddaligi ham bor. Shu bois kelajak sari dadil odimlashi uchun bir hovuch eʼtibor-u ozgina madad boʻlsa kifoya! Uyogʻini oʻzi “boplab tashlaydi”. “Istiqlol” mahallasida boʻlib, bunga yana bir bor ishonch hosil qildik.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring