Ijtimoiy adolatni taʼminlashda xalqaro tajriba va hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha Milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan Butunjahon ijtimoiy adolat kuniga bagʻishlab videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan “Yevropa va Markaziy Osiyoda har bir avlod uchun ijtimoiy adolatni taʼminlash” mavzusidagi xalqaro vebinarda ishtirok etdi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozim, 2009-yildan buyon dunyo miqyosida, jumladan, Oʻzbekistonda ham har yili 20-fevral – Butunjahon ijtimoiy adolat kuni (World Day of Social Justice) sifatida nishonlab kelinadi. Ushbu xalqaro sana BMT Bosh Assambleyasining 2007-yil 26-noyabrdagi rezolyutsiyasi bilan taʼsis etilgan. Butunjahon ijtimoiy adolat kunining maqsadi – jahon hamjamiyati eʼtiborini ijtimoiy adolatni rivojlantirish zarurligiga qaratishdan iboratdir.
Mazkur sana munosabati bilan Ijtimoiy adolat uchun Global Koalitsiya tuzilganidan soʻng Xalqaro Mehnat Tashkiloti butun dunyo boʻylab bir qator tadbirlar oʻtkazmoqda. Ushbu tadbirlar koʻp tomonlama va mintaqaviy institutlarni, shuningdek, XMTning uch tomonlama ishtirokchilarini dunyoda qanday qilib ijtimoiy adolatga erishishni muhokama qilish uchun birlashtiradi.
Vebinarda Ijtimoiy adolatni har tomonlama taʼminlash sohasida amalga oshirilgan ishlar hamda yoshlar uchun munosib mehnat, taʼlim olish, ishga joylashtirish borasida yaratilgan imkoniyatlar, tajribalar, shuningdek, sohada xalqaro hamjamiyat xususan, XMTga aʼzo davlatlar oldida turgan vazifalar xususida soʻz yuritildi, oʻzaro fikr almashildi.
Anjuman ishtirokchilari, xususan Xalqaro mehnat tashkiloti hamda BMTning YUNISEF bolalar jamgʻarmasi vakillari tomonidan Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish, inson huquqlarini, xususan, bola huquqlari va kafolatlarini taʼminlash, nogironligi boʻlgan shaxslar bilan ishlash, ushbu sohalarga oid milliy qonunchilikni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak baholandi.
Tadbir soʻngida Xalqaro mehnat tashkiloti shafeligida bu kabi muloqot maydonlarini yanada kengaytirish, ijtimoiy adolat tamoyillarini ilgari surish borasida ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish va oʻzaro tajriba almashish ishlarini kuchaytirishga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring