Izchil tarkibiy islohotlar va samarali sanoat siyosati

11:08 18 Fevral 2021 Iqtisodiyot
1301 0

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Iqtisodiy erkinlik” reytingida mamlakatimizning 26 pogʻona koʻtarilgani islohotlarimizning xalqaro maydondagi eʼtirofi sifatida qayd etildi. Shubhasiz, bu natijaga Yangi Oʻzbekiston tarkibiy islohotlarni amalga oshirishdagi izchilligi, shuningdek, samarali sanoat siyosatini yuritayotganligi tufayli erishildi, deb aytish mumkin.

Joriy yilgi Davlat dasturida bu boradagi ishlar koʻlamini kengaytirgan holda sanoat tarmoqlarini rivojlantirish bilan bogʻliq barcha yoʻnalish va masalalar toʻliq qamrab olindi.

Qayd etish joiz, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlari uchun muhim oʻzgarishlardan biri bu — elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminotida monopoliyaning bekor qilinib, bozor munosabatlarining shakllantirilishidir. Ishlab chiqarish quvvatlarining oʻsib borishi energiya taʼminotida uzluksizlikni taʼminlashni taqozo etadi. Qolaversa, qazib olish xarajatlari yuqori boʻlganda tashqaridan maqbul narxlarda energiya import qilinishi har tomonlama optimal yechim hisoblanadi.

Shu maqsadda suyultirilgan gaz importi uchun belgilangan bojxona boji va uni import qilish uchun talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar bekor qilinib, joriy yil 1-iyunga qadar ishlab chiqaruvchi va importyorlar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan taʼminlash sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etish orqali ulgurji bozorni shakllantirishning “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi. Bunda, birinchi bosqichda shu yilning 1-avgustidan boshlab, yirik korxonalar elektr energiyasi va tabiiy gazni import asosida sotib olish huquqiga ega boʻladi.

Shubhasiz, bu suyultirilgan gaz bozorida samarali raqobat muhitini yaratish, ishlab chiqaruvchi korxonalarning quvvatlarini oshirishni ragʻbatlantirish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarining suyultirilgan gazga boʻlgan ehtiyojini qanoatlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratadi. Oʻz navbatida, tabiiy gazni yuridik shaxslarga bozor tamoyillari asosida sotish mexanizmi hamda tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish, yetkazib berish va qabul qilish jarayonidagi tafovutlar va yoʻqotishlarning oldini olishga, eng muhimi, shaffoflikni taʼminlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, respublika mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta toʻldirish dasturining ishlab chiqilishi, qidiruv ishlarida foydali qazilmalarning yangi istiqbolli maydonlarini izlash ulushini joriy yilda 40 foizga yetkazish, axborot ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida davlat geologiya fondidagi arxiv materiallari boʻyicha raqamli axborotlar bankining tashkil qilinishi sohaga sarmoya jalb etilishida hamda uzoq muddatli istiqbolli rejalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Joriy yilning oʻzida 50 ta kon va istiqbolli maydonlar yer qaʼridan foydalanish huquqini beruvchi ruxsatnomalar shaffof mexanizmlar asosida auksion savdolariga joylashtirilib, mahalliy va xorijiy investorlarga taklif etilishi nazarda tutilmoqda.

Birgina zargarlik sohasida kumushning birja orqali zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga erkin sotish tartibining joriy etilishi ushbu sohada keng imkoniyatlar yaratilishiga, xususan sohadagi xufiyona iqtisodiyot ulushining keskin kamayishiga olib keladi.

Har bir sohada boʻlgani kabi eng dolzarb masalalardan biri boʻlgan sanoat tarmoqlarini mutaxassis kadrlar bilan taʼminlash boʻyicha oʻtgan yildan boshlab amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar joriy yilda ham davom ettirilib, ixtisoslashgan maktab (sinf)lar faoliyati bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladi. Ularni oliy taʼlim tashkilotlari va ishlab chiqarish korxonalari bilan oʻzaro bogʻlash uchun xorijiy mamlakatlardan oʻqituvchilar jalb etiladi.

Sir emas, investorlarga investitsiya kiritish uchun iqtisodiy va kichik sanoat zonalariga beriladigan soliq va boj imtiyozlari bilan bir qatorda, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlanganlik darajasi, hududda transport infratuzilmasi va logistika markazlarining mavjudligi katta ahamiyatga egadir.

Bu borada erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini zarur infratuzilma bilan taʼminlashga 1,6 trln. soʻm yoʻnaltirilishi, hududlarda 130 ming km uzunlikdagi past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 40 mingdan ortiq transformatorni bosqichma-bosqich yangilash hamda 5 mingdan ortiq taʼmirtalab koʻprikni tiklash boʻyicha dasturlar qabul qilinishi, bu ishlar uchun 400 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilayotgani hududlar sanoat salohiyatini oshirishga xizmat qilishi aniq.

Bir soʻz bilan aytganda, Davlat dasturi ijrosini taʼminlash boʻyicha yil davomida samarali va faol jamoatchilik nazorati amalga oshiriladi. Shu maqsadda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari dasturilamal hujjatni roʻyobga chiqarish boʻyicha chora-tadbirlarni har oyda muhokama qilib borishi, Hukumat har oyda tanqidiy koʻrib chiqib, har chorakda oʻz vaqtida va toʻliq bajarilmagan tadbirlar yuzasidan masʼullarga tegishli choralar koʻrib borishi belgilab qoʻyildi.

Oʻz navbatida, parlament ham har chorakda Bosh vazir va Hukumat aʼzolarining Davlat dasturi bajarilishi yuzasidan axborotlarini eshitib boradi hamda bu borada ijro hokimiyati faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqadi. Albatta, bularning barchasi oʻz ishimizga yana-da masʼuliyat bilan yondashishni talab etadi.

Botir MARDAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер