ITB guruhi pandemiyadan keyingi tiklanishni qoʻllab-quvvatlash uchun 1,2 milliard dollar ajratadi

07:47 05 Sentyabr 2021 Iqtisodiyot
1062 0

Toshkent shahrida 4-sentyabr kuni Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yigʻilishi oʻz ishini yakunladi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan matbuot anjumanida 2-4-sentyabr kunlari oʻtkazilgan qator yuqori darajali muzokaralar, kelishuvlar va yakuniy natijalar boʻyicha maʼlumot berildi.

Musulmon dunyosining AAA reytingiga ega Islom taraqqiyot banki (ITB) yigʻilish yakuni boʻyicha aʼzo mamlakatlar oʻrtasida pandemiyadan keyingi iqtisodiy tiklanishni qoʻllab-quvvatlash uchun umumiy qiymati 1,2 milliard AQSH dollariga teng 30 ta moliyaviy kelishuv imzolanganini eʼlon qildi. Shundan 330 million AQSH dollariga teng mablagʻ mamlakatimiz manfaatlari yoʻlida sarflanadi.

Anjumanda Oʻzbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish jamgʻarmasi ishga tushirilganiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu Islom taraqqiyot banki, Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va Saudiya Arabistonining xususiy sektori ishtirokchilari oʻrtasidagi 100 million AQSH dollari miqdoridagi strategik hamkorlikdir. Qolaversa, bu mamlakatning birinchi ijtimoiy transformatsion investitsiyalar jamgʻarmasi hisoblanadi.

– 100 million dollarlik jamgʻarma, shundan 20 million dollari ITB tomonidan ajratilgan boʻlib, yirik, oʻrta va kichik korxonalarni qoʻllab-quvvatlash orqali 100 ming ish oʻrni yaratishga qaratilgan. Jamgʻarma Oʻzbekistonda 102 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratishi, 34 mingdan ziyod kichik va oʻrta korxonalar, ijtimoiy tadbirkorlar va kooperativlarni qoʻllab-quvvatlashi hamda kambagʻallikka qarshi kurashdagi harakatlarni toʻldiradi, – dedi ITB Boshqaruvchilar kengashi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida yangi jamgʻarma ishga tushirilishi mamlakat taraqqiyotiga va iqtisodiy islohotlarning amalga oshirilishiga ishonch ekanini taʼkidladi.

ITBning Toshkent anjumanida Oʻzbekistonda qishloq xoʻjalik hududlarini iqtisodiy rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash uchun 200 million AQSH dollari miqdoridagi yirik sarmoyalar ham tasdiqlandi. ITB, shuningdek, davolash markazlarini jihozlash va tibbiy taʼlimni kengaytirish orqali Oʻzbekistonda onkologik xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga bagʻishlangan loyihaning ikkinchi bosqichini moliyalashtirish toʻgʻrisida kelishuv imzolandi.

ITB Oʻzbekistonga islom banki va moliya sohasini rivojlantirish boʻyicha meʼyoriy-huquqiy bazani ishlab chiqishni qoʻllab-quvvatlash uchun 265 ming AQSH dollari miqdorida texnik yordam koʻrsatadi. Taʼlim sohasi ham chetda qolmadi, Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi bilan 51 ming 535 AQSH dollari miqdorida shartnomalar imzolandi.

Anjumanda COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan global yetkazib berish zanjiridagi uzilishlar rivojlanayotgan mamlakatlar uchun muammoga aylangani yana bir bor qayd etildi. Asosiy tovarlar, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari keskin oshib ketdi, bu esa importga qaram mamlakatlarning iqtisodiy tiklanishini xavf ostiga qoldirdi.

Shu bois, Savdoni moliyalashtirish boʻyicha Islom korporatsiyasi (SMIK) strategik tovarlar, jumladan, energiya tashuvchilari va oziq-ovqat mahsulotlari importini qoʻllab-quvvatlash uchun bir nechta mamlakatga savdo moliyalashtirilishini taqdim etadigan boʻldi. Komor orollari ittifoqi keyingi uch yil mobaynida oziq-ovqat va energetik xavfsizlikni qoʻllab-quvvatlash uchun 392 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ oladi.

Burkina-Faso neftni qayta ishlashda mamlakatning energetika sektori uchun 100 million AQSH dollari oladi. Savdoni moliyalashtirish boʻyicha Islom korporatsiyasi, shuningdek, Gvineya va Maldiv orollari bilan ham oʻxshash kelishuvlar imzolanib, ularga tegishlicha 100 million va 75 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar yoqilgʻi va oziq-ovqat tovarlari importi uchun ajratiladigan boʻldi.

ITB boshqa ishtirokchi mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun ham yirik loyihalarni moliyalashtiradi. Jumladan, Bank Beninda umumiy qiymati 150 million AQSH dollari boʻlgan ikkita yirik loyihaga mablagʻ ajratadi.

Birinchisi Beninning 2025-yilgacha sogʻliqni saqlash boʻyicha umumiy qamrovni qoʻllab-quvvatlash uchun boʻlsa, ikkinchisi suv toshqini xavfini kamaytirish uchun poytaxt Cotonuda boʻronli drenaj tizimini modernizatsiya qilishdir.

Shunday qilib, ITB Boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yigʻilishi oʻz nihoyasiga yetdi. Bank keng koʻlamli loyihalarni imzolash, ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish va sheriklik muhitini yaratish maydonchasiga aylandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер