Italiyaning Florensiya shahrida Oʻzbekistonning faxriy konsulxonasi ochildi
Elchi Otabek Akbarov II Santuccio assotsiatsiyasi prezidenti Leonardo Komuchchiga Oʻzbekistonning Italiyaning Toskana va Umbriya viloyatlaridagi (idorasi Florensiya shahrida joylashgan) faxriy konsuli etib tayinlanganini tasdiqlovchi konsullik patentini topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Oʻzbekiston faxriy konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi Toskana viloyati hukumati binosida prezident (gubernator) Eujenio Jani, uning maslahatchilari va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida boʻlib oʻtdi.
Toskana Italiyaning markaziy qismida joylashgan boʻlib, Florensiya shahri uning maʼmuriy markazi hisoblanadi. Mintaqa oʻzining tarixi, badiiy merosi va jahon madaniyatiga taʼsiri bilan mashhur. Italiya Uygʻonish davrining yetuk vakillari Leonardo da Vinchi, Mikelanjelo, Bottichelli, Brunelleski, boshqa koʻplab taniqli sanʼat va fan arboblari ushbu viloyatda yashab, ijod qilgan. Bu yerda YUNESKOning Jahon merosi obyektlari roʻyxatiga kiritilgan 7 ta tarixiy inshoot mavjud. Toskana, shuningdek, Italiyaning iqtisodiy jihatdan rivojlangan mintaqalaridan biridir, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 7 foizi shu yerda shakllantiriladi.
Umbriya viloyati (markazi – Peruja shahri) ham Italiya markazida joylashgan boʻlib, tarixiy shaharlari hamda universitetlar markazi bilan mashhur. Sanoat korxonalarida poʻlat va titan, avtomobilsozlik jihozlari, toʻqimachilik va oziq-ovqat mahsulotlari, dekorativ sopol ishlab chiqariladi.
Marosimda O.Akbarov Leonardo Komuchchiga Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov tomonidan imzolangan konsullik patenti hamda Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirligi tomonidan berilgan konsullik ekzekvaturasini topshirdi.
Oʻzbekiston elchisi Florensiyada faxriy konsulxona ochish toʻgʻrisidagi qaror mamlakatimiz rahbariyatining Italiya bilan oʻzaro hamkorlikni faollashtirish, ushbu jarayonga mintaqalarni jalb qilish va keng savdo-iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy sohalardagi masalalarni qamrab olishga boʻlgan intilishining yana bir yorqin ifodasi ekanini taʼkidladi.
Florensiya shahrida 1996-yil Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolangan. Shu maʼnoda shahar mamlakatimiz uchun alohida ahamiyatga ega ekani bildirildi. Tarixiy va madaniy merosi bilan dunyoga tanilgan Toskana va Umbriya viloyatlari Oʻzbekiston bilan iqtisodiyot, taʼlim va ilm-fanning qator yoʻnalishlarida oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish uchun salmoqli salohiyatga ega.
Oʻz navbatida, gubernator Eujenio Jani Oʻzbekistonning faxriy konsulxonasi ochilishini mamnuniyat bilan qoʻllab-quvvatladi va Toskana viloyati hukumati uning faoliyatini rivojlantirishda har tomonlama yordam berishga tayyorligini qayd etdi. Faxriy konsulxona Florensiya va Samarqand oʻrtasida 2012-yilda imzolangan Doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni amalga oshirishga ham yordam beradi.
Gubernatorning soʻzlariga koʻra, joriy yil iyul oyida Toskana viloyati ishbilarmonlari, maʼrifiy va madaniy doiralar vakillaridan iborat delegatsiyaning rahbari sifatida Oʻzbekistonga safar qilishga tayyorgarlik koʻrmoqda.
Faxriy konsul Leonardo Komuchchi Oʻzbekiston rahbariyatiga Italiyaning ikki viloyatida respublika manfaatlarini ilgari surish boʻyicha berilgan vakolat uchun minnatdorlik bildirdi. U ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy faoliyat yurituvchi idoralari, kompaniyalari, korxonalari va banklari oʻrtasida aloqalar oʻrnatish va ularni rivojlantirish, Oʻzbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarini taraqqiy ettirishga Italiya ishbilarmon doiralari vakillari, sarmoyalari va texnologiyalarini jalb qilish, shuningdek, Toskana va Umbriya viloyatlariga oʻzbek mahsulotlari eksportini koʻpaytirishga koʻmaklashishini bildirdi.
Leonardo Komuchchi - Oʻzbekistonning Italiyadagi ikkinchi faxriy konsuli boʻldi. Vittoria Jorji mamlakatimizning Kampaniya va Molize viloyatlaridagi (idorasi Kazerta shahrida joylashgan) faxriy konsuli sifatida faoliyat yuritmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring