Istiqboldagi vazifalar oʻz yechimini topadi
2017-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy madaniyatni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qarori oʻzbek madaniyati va sanʼati sohasi uchun katta voqelikdir. Ushbu hujjatga ilova qilingan “Yoʻl xaritasi” mamlakatimizning har bir hududini uning xususiyati, etnik va estetik qirralariga qarab alohida-alohida qamrab olgan boʻlib, har bir hudud madaniyatini rivojlantirish boʻyicha muayyan vazifalarni belgilab beradi. Ushbu yoʻl xaritasi oʻzining tuzilishiga koʻra, betakror gʻoyaviy majmuani tashkil etib, biror bir qonun hujjatiga oʻxshamaydi. Unda oʻz aksini topgan maqsad va vazifalar istiqbolda yurtimiz madaniyati tizimiga oid boshqaruv prinsiplarining ham taraqqiy etishini taqozo etadi.
Ushbu hujjatning bajarilishini taʼminlashning mantiqiy davomi oʻlaroq, 2020-yil 26-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda “Madaniyat va sanʼat sohasining jamiyat hayotidagi oʻrni va taʼsirini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. Joriy yilning
12-13-iyun kunlari mazkur hujjatlarning mazmun-mohiyatini hududlarda targʻibot-tashviqot qilish maqsadida Buxoro viloyatiga safar uyushtirildi. Tashrif doirasidagi tadbirlarda viloyat Madaniyat boshqarmasi, «Oʻzbekkonsert» davlat muassasasi viloyat boʻlimi, teatr, muzey mutasaddilari ishtirok etdi. Muhokamalar chogʻida ishtirokchilar oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, qarorning bajarilishiga oid boʻlgan takliflari bilan oʻrtoqlashdilar.
Takliflarni oʻrganish chogʻida aniqlangan muammoli masalalardan biri Buxoro viloyati hududidagi madaniy meros obyektlarini kadastrlashtirish sohasiga tegishlidir. Qarorga koʻra, madaniy meros boshqarmasi roʻyxatida turuvchi barcha obyektlar bundan buyon hududiy madaniyat boshqarmalari tasarrufiga oʻtkazilishi belgilangan. Ushbu masalaning yechimi oʻziga xos muammoni tashkil etadi. Maʼlumki, Buxoro viloyati oʻzining boy maʼnaviy merosi bilan boshqa viloyatlardan ajralib turadi. Unga tegishli boʻlgan tarixiy arxitektura obyektlari juda koʻp. Ularni kadastrlash esa qariyb 400 mln. soʻm mablagʻni talab etadi. Soha mutasaddilari ushbu masalani koʻtarar ekan, har bir obyektni madaniy meros boshqarmasi roʻyxatidan madaniyat boshqarmasi roʻyxatiga oʻtkazishda alohida xatlov va ekspertiza talab etilishini va bu masalaning yechimida katta yordamga muhtoj ekanini bildirdi.
Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi mutasaddilari hamda mutaxassislar tomonidan bildirilgan keyingi taklifga koʻra, Buxoro teatrida faoliyat yuritadigan ijodiy guruhning ish samaradorligini oshirish uchun teatr binosidan uzoq boʻlmagan joyda xizmat turar joyi barpo etish zarurati bor. Ushbu turar joyning qurilishini davlat-xususiy sherikchiligi asosida amalga oshirish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlab oʻtildi.
Qarorda belgilab qoʻyilgan muhim masalalardan yana biri, aholi, xususan, yosh avlodning maʼnaviy tarbiyasini taʼminlash maqsadida muzeylarda “ochiq eshiklar kuni” tashkil etiladi. Mana shu tadbirning samaradorligini taʼminlash maqsadida hududda muzeylar boʻylab sayohat qilish qulayligini roʻyobga chiqaradigan avtobuslar marshrutini yoʻlga qoʻyishning maqsadga muvofiqligidir. Zero, bunday qulaylikning mavjudligi nafaqat aholi, balki, Buxoroga tashrif buyuradigan turistlar uchun ham katta foyda keltirishi mumkin.
Taʼlim sohasidan tashrif buyurgan mutaxassislarning fikriga koʻra, muzeylarning “ochiq eshiklar kuni”da qilingan sayohat natijasida umumtaʼlim maktablarida insholar tanlovini oʻtkazishning maqsadga muvofiq ekani taʼkidlab oʻtildi.
Muhokamalar chogʻida ishtirokchilar bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasida tayyorlanayotgan “Madaniyat toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasiga ham oʻz takliflarini berdilar.
Unga koʻra, yurtimizning boy merosi va anʼanalarini asrab-avaylash va uni kelgusi avlodga bekamu koʻst yetkazish borasida aniq mexanizmga ega boʻlgan norma kiritilishi shart. Zero, yurtimizga tegishli boʻlgan moddiy va nomoddiy meros, tarixiy obyektlar, sanʼatkorlarning ijro maktablari yuksak badiiy qimmatga ega boʻlib, qonun himoyasida boʻlishi zarur ekani aytib oʻtildi.
Buxoro viloyati ahlidan kelib tushgan eng muhim takliflardan yana biri - madaniyat va sanʼat yoʻnalishidagi oʻrta maxsus taʼlim tizimini avvalgidek 4 yillik shaklga qaytarish hamda bitiruvchilarga diplom berish orqali yosh avlodning ish bilan taʼminlanish darajasini koʻtarish masalasi ham joʻshqin muhokamaga sabab boʻldi.
Oydin Abdullayeva,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring