Isteʻmolchilarda telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishda tanlov imkoni kengayadi

12:44 01 Dekabr 2023 Jamiyat
199 0

Har qanday nuqtada maʻlumotlar uzatish yoki olish uchun aloqa qamrovini hosil qilish koʻchma yoʻldosh aloqa tarmoqlari va radiotelefon aloqa tizimlarining mavjudligi bilan bogʻliq.

Bugungi kunda dunyoda bir qator global koʻchma yoʻldosh aloqa tarmoqlari tez surʻatda rivojlanmoqda. Starlink, Globalstar, One Web, Thuraya, Iridium, Inmarsat va boshqa ilgʻor tizimlar shular jumlasidan.

Masalan, Starlink, Globalstar, One Web tarmoqlari bevosita reaktiv tezlikda megamaʻlumotlar uzatish (internet) xizmatlarini, shuningdek Thuraya, Iridium, Inmarsat kabi tarmoqlar esa mintaqalararo radiotelefon aloqa xizmatlarini koʻrsatishga moʻljallangan.

Bu kabi global koʻchma yoʻldosh aloqa tarmoqlari texnik jihatdan yer yuzining qariyb barcha hududida, mahalliy tartibga solish tartib-tamoyillaridan qatʻi nazar, foydalanish imkonini beradi. Shu jumladan, Oʻzbekistonda ham.

Qayd etish joiz, respublikamiz hududida global koʻchma yoʻldosh aloqa tarmoqlaridan foydalanish rasman tartibga solinmagan. Bu esa ularning xizmatlaridan norasmiy tartibda ommaviy foydalanish ehtimolini kelib chiqaradi. Oqibatda, mazkur xizmatlarni koʻrsatishda axborot xavfsizligi kuchsizlanadi, tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirish imkoniyatlari cheklanadi. Shaxsiy maʻlumotlarni saqlash va foydalanishda ham jiddiy muammolar yuzaga keladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi yigʻilishida koʻrib chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga olis hududlarda Internet va aloqa qamrovini oshirish uchun sharoitlarni kengaytirishga qaratilgan qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida bir qator yangi normalar aks etayotgani eʻtiborga molik.

Xususan, qonun loyihasi bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi qonunning davlat boji stavkalarining miqdorlari bilan bogʻliq qismiga hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonunning litsenziya olish talab qilinadigan faoliyat turlariga tegishli qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Ahamiyatli tomoni shundaki, u bilan aholi va tadbirkorlik subyektlariga ortiqcha yoki qoʻshimcha toʻlovlar belgilanmayapti yoki sohaga yangi tartibga solish vositalarini joriy etish nazarda tutilmayapti, balki isteʻmolchilarga arzonlashtirilgan xizmatlar koʻrsatish imkonini yaratish maqsad qilinmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida mamlakatimizda sunʻiy yoʻldosh aloqa tarmoqlari rivojlanish barobarida, telekommunikatsiyalar sohasida faoliyat koʻrsatayotgan subyektlar soni ham oshadi.

Sirasini aytganda, ushbu hujjat mahalliy telekommunikatsiya tarmoqlarida xizmatlar koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning doirasi va sonini cheklanmaydi, aksincha, yaratilayotgan sharoitlar sogʻlom raqobat muhitini oʻstirishga, isteʻmolchilarga telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishda tanlov imkoni kengayishiga xizmat qiladi.

Umuman olganda, yurtimizda barcha qishloq va mahallalarni, sogʻliqni saqlash, maktabgacha taʻlim muassasalari va maktablarni tezkor Internetga ulash tadbirlarini sifatli va toʻliq amalga oshirish uchun yoʻldoshli aloqa texnologiyalaridan foydalanishga shart-sharoitlar yaratishda huquqiy imkoniyat yaratiladi.

Umid JABBOROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi aʻzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер