Isroilning Gʻazoga bergan navbatdagi zarbalari oqibatida 25 kishi halok boʻldi
Foto: AP
Yakshanbadan dushanbaga oʻtar kechasi Isroilning Gʻazo sektoriga uyushtirgan zarbalari oqibatida kamida 25 kishi halok boʻlgan, oʻnlab odamlar yaralangan. Bu haqda “Al Jazeera” telekanali Falastin tibbiy manbalariga tayanib xabar tarqatdi.
“Isroilning dushanba kuni yarim tundan beri Gʻazo sektorining bir qancha hududlariga bergan kuchli zarbalari oqibatida kamida 25 kishi halok boʻldi, oʻnlab kishilar yaralandi”, — deyiladi xabarda.
Telekanal maʼlumotlariga koʻra, eng kuchli portlash va oʻqqa tutilish Gʻazo janubidagi Xon Yunis shahrida sodir boʻlgan. Dayr al-Balohdagi turar-joy binolari va markaziy Falastin yarim eksklavidagi al-Magʻozi lageriga ham zarbalar berilgan. Xon-Yunisdagi vayron boʻlgan binolar ostida odamlar qolib ketgani aytilmoqda.
Gʻazo sektori Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Isroilning 18-martdan beri Gʻazoga bergan yangi zarbalari oqibatida 8600 nafardan ortiq odam halok boʻlgan, 33 mingga yaqin kishi jarohatlangan.
2023-yil 7-oktyabrda Isroil Gʻazo sektoridan misli koʻrilmagan raketa hujumiga uchradi. Shundan soʻng HAMAS jangarilari chegara hududlariga kirib, harbiylar va tinch aholiga qarata oʻt ochgan va 200 dan ortiq kishini garovga olgan. Rasmiylarga koʻra, Isroil tomonida 1200 nafarga yaqin odam halok boʻlgan.
Bunga javoban Isroil mudofaa kuchlari “Temir qilichlar” operatsiyasini boshlab, tinch aholi manzillariga zarba berishni oʻz ichiga olgan va Gʻazo sektori toʻliq blokadaga olinganini eʼlon qildi. Suv, elektr energiyasi, yoqilgʻi, oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib berish toʻxtatildi.
Isroil hujumlari oqibatida 59 ming nafardan ortiq falastinlik halok boʻlgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring