Ismatulla Irgashev Brussel shahrida Yevropa Ittifoqining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Tomas Niklasson bilan muzokaralar oʻtkazdi
2022-yilning 4-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Brussel shahrida Yevropa Ittifoqining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Tomas Niklasson bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqining afgʻon inqirozini tinch yoʻl bilan hal etish, mamlakatga tezkorlik bilan gumanitar va boshqa turdagi yordamlarni koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlari muhokama qilindi.
Tomas Niklasson Oʻzbekistonning bu boradagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi, ayniqsa, joriy yilning iyul oyi oxirida Toshkentda “Afgʻoniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya muvaffaqiyatli oʻtkazilganini alohida taʼkidladi.
Ushbu mamlakatning yangi hukumati tomonidan keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish, asosiy inson huquqlarini, shu jumladan, ayollar va mamlakatdagi milliy ozchiliklar huquqlarini hurmat qilish borasidagi xalqaro hamjamiyatning asosiy talablari bajarilishining muhimligini taʼkidlandi.
T.Niklasson Oʻzbekiston tomonining Afgʻonistonning yangi hukumatga nisbatan jahon hamjamiyatining yaxlit pozitsiyasini ishlab chiqmasdan turib, oʻtkir ijtimoiy-gumanitar inqirozni bartaraf etish, shuningdek, mustahkam tinchlik va barqarorlik oʻrnatishga koʻmaklashib boʻlmaydi, degan fikriga qoʻshildi.
Tomonlar afgʻon muammosi boʻyicha ham ikki tomonlama asosda, ham Markaziy Osiyo davlatlarining maxsus vakillari darajasida maslahatlashuvlarni davom ettirishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring