Islomiy moliya tizimini joriy etish nega kechiktirilyapti?

00:00 19 Mart 2021 Iqtisodiyot
1511 0

Mamlakatimizda kapital bozorini rivojlantirish, samarali faoliyatini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Chunki erkin muomaladagi qimmatli qogʻozlar hajmi YAIMning bir foiziga ham yetmaydi va bu sohani tubdan isloh qilish zarurligini koʻrsatadi. Qolaversa, bu borada foydalanilmagan imkoniyatlar juda koʻp. Ayniqsa, iqtisodiyotning bank sektoriga qaramligi, davlatning esa ushbu sektoridagi ishtiroki kamayishi lozim.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan mazkur sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, boʻshliqlarni toʻldirish, investorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Xususan, 2020-yilda “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida” va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasi qabul qilindi. Keyinchalik ushbu hujjat Senat tomonidan maʼqullandi va Prezident tomonidan imzolandi. Shuningdek, investorlar uchun muhim hisoblangan moliyaviy hisobotlar shaffofligi va axborot ochiqligini taʼminlash, auditorlik faoliyatini kuchaytirish maqsadida “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi.

Shu oʻrinda deputatlar 2021-yil Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi muhokamasida Kapital bozorini rivojlantirish agentligiga bu soha rivoji uchun yetarli miqdorda mablagʻ ajratilmagani boʻyicha eʼtirozlar bildirganini taʼkidlash joiz.

Soʻnggi paytlarda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida muhim vazifa sifatida belgilagan muqobil kreditlash tizimi haqida bejizga koʻp gapirilmayapti. Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham mamlakatimizda Islomiy moliya tizimini joriy etish uchun zarur huquqiy bazani yaratish vaqti-soati kelgani alohida taʼkidlangan edi. Chunki eʼtiqodimiz, qadriyatlarimizdan kelib chiqib, aksariyat tadbirkorlar oʻz biznesini rivojlantirish uchun amaldagi kreditlash xizmatidan foydalanishni istashmaydi.

Dunyo kapital bozorida, ayniqsa, gʻarbda tez rivojlanayotgan Islomiy moliya tizimini joriy etish orqali Oʻzbekistonda ham kapital bozori jozibadorligini oshirish muhim ahamiyatga ega.

Joriy yilgi Davlat dasturida Islomiy moliyaviy xizmatlarini joriy etishning huquqiy asosini yaratish masalasi oʻrin olmagan boʻlsada, “Milliy tiklanish” partiyasi va uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan xalq manfaati va mamlakat rivojiga xizmat qiluvchi muhim tashabbusni amaliyotga joriy etish, bu borada yangi qonun loyihalarini tayyorlash, mavjudlarini takomillashtirish boʻyicha bir qancha chora-tadbirlar belgilangan. Chunki hali bu boʻyicha qilinadigan ishlar koʻp. Shu maʼnoda, partiya mazkur sohada samarali, toʻgʻridan-toʻgʻri qonun hujjatlarini qabul qilinishida faol ishtirok etib, barcha tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydi.

Nodir TILAVOLDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер