Islomiy bankda qarzi hasana bormi?
Insoniyat jamiyati borki, unda odamlar oʻzaro muloqotda boʻladi, turli munosabatlar oʻrnatadi va albatta har xil koʻrinishda oldi-berdi ham boʻladi. Xususan, qoʻni-qoʻshnilar va tanish-bilishlar oʻrtasida biror buyumlarni foydalanish uchun berib turish, ijaraga taqdim etish holatlaridan tashqari, qarz oldi-berdisi ham boʻlishi shubhasiz. Qarz umuman olmayman, yoki umuman qarz bermayman, degan inson dunyo hayotida topilmasa kerak, yaʼni har qanday inson umrida bir marta boʻlsin, kimdandir qarz oladi yoki kimgadir qarz beradi.
Shu bilan birga, qarz oldi-berdisi bilan bogʻliq munosabatlarda qarz olganning oʻz vaqtida qaytarmasligi yoki qarzni qaytarishga shoshilmasligi, qarz berganning haqini talab qilishida haddidan oshishi, zulm qilishi kabi holatlar tez-tez quloqqa chalinadi.
Ayni chogʻda, Islomda qarz berishning yana bir tushunchasi ham borki, bu ham boʻlsa, Allohning Oʻziga chiroyli qarz – qarzi hasana berishga boʻlgan chaqirigʻidir.
Xoʻsh, Islomda bu ijtimoiy muomala qanday tartibga solinadi? Islom moliyasi saytida eʼlon qilingan maqolada shu savolga javob olishingiz mumkin.
“Qarz” soʻzining lugʻaviy maʼnosi “kesish” degani. Qarz beruvchi oʻz molidan bir qismini kesib (uzib) bergani bois shunday deyilgan. Qarz, “kimdir foydalanishi va qaytarib berishi uchun berilgan mablagʻ”, — deya taʼriflangan. Qarz beruvchi bergan qarzidan ortigʻini talab qilishi, ribo (sudxoʻrlik)dir. “Qarzi hasan” – yaxshi qarz degani. Demak, qarz berishning yaxshisi ham, yomoni ham boʻladi.
Qarz, qaytarish sharti bilan Alloh taolo roziligini istab muayyan muddatga beriladi. Ammo qarzni kechib yuborgan yaxshiroqdir, zero Alloh taolo Baqara surasi, 280-oyatida shunday marhamat qiladi:
“Agar (qarzdor) qiynalsa, boyigunga qadar kutish lozim. Agar bilsangiz (bergan qarzingizni qarzdorga) cadaqa qilmogʻingiz, oʻzingiz uchun yaxshidir”.
Qurʼoni karimda “qarzi hasan” iborasi bir necha bor zikr etilgan, jumladan Hadid surasining 11-oyatida Alloh taolo:
“Allohga yaxshi qarz beradigan kishi bormi?! Bas, U zot unga bir necha marta koʻpaytirib qaytaradi va unga karamli ajr bor”, — deya xitob qiladi.
Mufassirlar qarzi hasananing mukofoti jannat, deyishgan.
Qarzdor noqulay holatda boʻladi. Ana shu holatni eʼtiborga olib, qarzdorga osonlik yaratgan boyga qiyomat kuni Alloh taolo tomonidan osonlik yaratilar ekan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim kambagʻalga muhlat bersa yoki undan baʼzisini oʻtib yuborsa, uni Alloh qiyomat kunida, Oʻzining soyasidan boshqa soya yoʻq kunda Arshining soyasiga oladi”, — dedilar”. Imom Termiziy rivoyat qilgan va sahih degan.
Albatta qarzdor qarzini vaʼda qilingan kunda yoki iloji boʻlsa undan oldinroq qaytarishi kerak. Olgan qarzini mol-mulkini sotib boʻlsa ham uzishi shart. Qarzni uzish zarurligi islomda shu qadar kuchli taʼkidlanganki, qarzdan qutilish uchun sadaqa yoki zakot soʻrashga ham izn berilgan. Chunki bu masala nafaqat moliyaviy, balki maʼnaviy majburiyatdir.
Qarzni toʻlashga qodir boʻla turib uni oʻz vaqtida toʻlamaslik harom
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam qarz yuki, ayniqsa qaytarilmagan qarzning xunuk oqibatlari haqida ogohlantirib, undan ehtiyot boʻlishga chaqirganlar.
“Nabiy sallallohu alayhi va sallam bomdodni oʻqib boʻlib, uch marta: “Bu yerda Banu Fulondan kim bor?”, — dedilar. Bir kishi: “Men”, — dedi. “Sohibingiz qarzi tufayli jannatdan toʻsilib turibdi”, — dedilar”. (Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Islom bankchiligida qarzi-hasan tushunchasi
Islom moliyasi boʻyicha taniqli olim Munavvar Iqbol qarzi-hasanni quyidagicha taʼriflagan:
“Foizsiz qarz. Bank bunday qarz shartnomasi tuzgan holatda mijozga maʼlum bir pul miqdorini beradi, mijoz esa aytilgan muddatda qarzni qaytarish majburiyatini oladi. Bank, qarzni qaytarish kafolati sifatida garov talab qilish huquqiga ega. Qarzni qaytarayotgan mijoz maʼmuriy xarajatlarni (yaʼni bankning shu qarzni berish bilan bogʻliq turli xarajatlari) qoplash uchun ixtiyoriy mukofot – hiba koʻrinishida bankka maʼlum bir miqdorda pul berishi mumkin”.
Bugungi kunda baʼzi ulamolar qarz faqat foizsiz boʻlishi mumkin, qarzi hasan esa Alloh taolo roziligi yoʻlida qilingan ehsondir. Moʻmin kishi qilgan ehsonining ajrini Allohdan umid qiladi, degan maʼnoda islom moliya tizimida “qarzi hasan” iborasini “foizsiz qarz” maʼnosida qoʻllashdan qaytarishadi (maʼlumki foiz asosidagi qarz ayni ribo boʻlib, buni Islom qattiq qaytargan). Shunga asosan islomiy banklar qarzi-hasan iborasini qoʻllashmaydi, balki oddiy “qarz” soʻzini ishlatishadi.
Alloh bandalari orasida, shu jumladan Oʻzbekiston moʻmin-musulmonlari ichida Oʻziga qarzi hasana beradigan bandalarini koʻpaytirsin!
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring