Isitish mavsumida 1 million soʻm miqdoridagi bir martalik yordam kimlarga beriladi?
Ijtimoiy himoya milliy agentligi 1 million soʻm miqdoridagi bir martalik moddiy yordam pulini kimlar olishi mumkinligi toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 134-qaroriga muvofiq 2025/2026-yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamini qoʻshimcha moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy yilning noyabr oyida quyidagi toifadagi ehtiyojmand oilalarga 1 million soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratiladi.
Ushbu bir martalik moddiy yordam pullari quyidagi oilalarga beriladi:
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalar;
- “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalar;
- “mahalla yettiligi” tomonidan shakllantirilgan qoʻshimcha roʻyxatdagi oilalar.
“Mahalla yettiligi” tomonidan qoʻshimcha roʻyxat shakllantirilishida birinchi navbatda quyidagi toifaga kiruvchi oilalar inobatga olinadi:
- boquvchisini yoʻqotgan oilalar;
- oila aʼzolarida I yoki II guruh nogironi boʻlgan shaxslardan iborat boʻlgan oilalar;
- nogironligi boʻlgan bolani parvarishlayotgan oilalar;
- gaz taʼminoti mavjud boʻlmagan va markazlashtirilgan isitish tizimi yoʻq boʻlgan koʻp qavatli uylarda yashovchi oilalar;
- bir xonadonda 3 va undan ortiq oila birgalikda yashovchi oilalar;
- uzoq muddatli davolanishni talab etuvchi ogʻir kasallikka chalingan shaxslar yashaydigan oilalar;
- oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi shaxslar hamda yolgʻiz yashovchi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar.
“Agar Siz ushbu toifalarga mos kelib ehtiyojmand oila boʻlsangiz joriy yilning 25-sentyabrga qadar «Mahalla yettiligi”ga murojaat qiling», — deyiladi agentlik xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring