Ishni ustachilikdan boshlab, el nazariga tushgan tadbirkorga aylandim — Nasriddin Rashidov
Foto: “Xalq soʻzi”
Buxoro viloyatida ishbilarmonlik sohasida yirik loyihalarni amalga oshirib, oʻnlab fuqarolar bandligini taʼminlagan tadbirkorlar va turli kasb egalari, xususan yoshlar oʻrtasida qizgʻin uchrashuvlar oʻtkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri “Doʻstlik” ordeni sohibi Nasriddin Rashidov ishtirokida tashkil etildi.
— Gʻijduvonning Zarangari qishlogʻida tugʻilib oʻsganman,— dedi suhbat chogʻida tadbirkor. — Bir muddat tijorat yumushlari bilan shugʻullanganman, keyin esa Toshkent shahriga borib, “Fayz mebel” korxonasida ustachilikni oʻrganganman. Buxoroga qaytib, mebel doʻkoni ochganman. Shu tariqa oilaviy biznesimiz yoʻlga tushib ketdi.
Nasriddin akaning saʼy-harakati tufayli 2017-yilda Kogon tumanida joylashgan “Aholitrans” masʼuliyati cheklangan jamiyati xorijning zamonaviy texnologik liniyalari bilan jihozlandi. Chiqindini saralash va qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonada dastlab 100, keyin esa yana 200 ta ish oʻrni yaratildi. Bugun korxona hatto viloyatning eng chekka goʻshasi — Qorovulbozor tumani aholisiga ham oʻz xizmatini taklif etyapti.
Izlanish, tashabbuskorlik, davlatimiz yaratib berayotgan qulayliklardan oqilona foydalanishga intilish tadbirkorning eng yaxshi fazilatlaridan. N. Rashidov 20 yildan buyon qarovsiz holda yotgan “Zarafshon” mehmonxonasini Buxoro shahridagi eng soʻlim maskanlaridan biriga aylantirish tashabbuskori boʻldi. Indoneziyaning “Sahid” kompaniyasi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 14 million AQSH dollari boʻlgan investitsion loyiha amalga oshirildi. “Sahid- Zarafshon hotel” deb nomlangan bu goʻsha endilikda toʻrt yulduzli mehmonxona maqomida boʻlib, 300 nafardan ziyod ish oʻrni yaratilgan. Mehmonxonaga tutash hududda yaqinda “Tungi mobil bozor” barpo etildi. Bu yerda qishda ham yam-yashil qiyofa kasb etadigan bogʻ yaratilganini aytmaysizmi? Tinib-tinchimas yurtdoshimiz bu kabi imkoniyatlarning barchasi turizm ravnaqiga xizmat qilishini taʼkidlar ekan, istiqboldagi maqsad sayyohlik klasteri barpo qilmoq ekaniga eʼtiborni qaratdi.
Samimiy ruhda kechgan muloqotda toʻplanganlar oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollarga javob oldilar. Uchrashuv tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida yurgan yoshlarda motivatsiya, ishtiyoqni kuchaytirgani bilan ham samarali boʻldi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring