Investitsiya boʻlmasa, iqtisodiyot rivojlanmaydi 

16:07 20 Avgust 2020 Siyosat
2355 0

“Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, qaysi davlat faol investitsiya siyosatini yuritgan boʻlsa, oʻz iqtisodiyotining barqaror oʻsishiga erishgan. Shu sababli ham investitsiya — bu iqtisodiyot drayveri, oʻzbekcha aytganda, iqtisodiyotning yuragi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi”, deya taʼkidlagan edi Prezidentimiz oʻz maʼruzalarining birida.

Haqiqatan ham, iqtisodiyotda investitsiyalarni keng miqyosda jalb etishga erishish koʻplab sohalar, tarmoqlar hamda hududlarga yangi texnologiyalar, ilgʻor tajribalar, yuksak malakali mutaxassislar kirib kelishi va tadbirkorlikning jadal rivojlanishiga ulkan poydevor boʻlib xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 18-avgustdagi “Respublikada eksport va investitsiya salohiyatini yana-da rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ham mamlakatda investitsiya salohiyatini rivojlantirishga qaratilgani bilan oʻta ahamiyatlidir.

Unga koʻra, eksport salohiyatini yana-da kengaytirish, investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi investitsiya loyihalari hamda oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ga kiritilgan tadbirlarning ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasining vazifalari va tarkibi yangilandi.

Endilikda Hukumat komissiyasi Prezidentimizning hududlarga tashriflari yakunlari boʻyicha qabul qilingan bayonnoma topshiriqlarining eksport, investitsiyalar, hududiy sanoatni rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda boshqa tashqi iqtisodiy aloqalar sohasidagi qismining ijrosini taʼminlaydi.

Farmonda belgilab qoʻyilganidek, Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, eksportni qoʻllab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari kotibiyati – eksport salohiyatini yana-da kengaytirish, investitsiya loyihalarining samarali amalga oshirilishini taʼminlash masalalari boʻyicha, Vazirlar Mahkamasining Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamenti – hududiy sanoatni rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalalari boʻyicha Komissiyaning ishchi organlari hisoblanadi.

Taʼkidlash joizki, mazkur hujjat bilan, Hukumat komissiyasiga bir qator vakolatlar ham berildi:

Birinchidan, jahon va ichki bozorda narx va talab konyunkturasi, ishlab chiqarish va taqsimot balanslaridan kelib chiqib, eksport prognozining yillik umumiy koʻrsatkichlarini saqlagan holda eksport prognoz koʻrsatkichlariga oʻzgartirish kiritish;

Ikkinchidan, investitsiya dasturlariga ularning umumiy parametrlari hamda koʻrsatkichlarini saqlagan holda tuzatish, qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish;

Uchinchidan, oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish yuzasidan tasdiqlangan “yoʻl xaritalari” hamda XMI vaXHMT bilan hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritalari”ga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish (Prezident Administratsiyasi bilan kelishilgan holda).

Komissiya belgilangan vazifalarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini oʻrganish uchun doimiy ravishda viloyatlarga tashriflarni amalga oshiradi hamda har chorakda Prezident Administratsiyasiga tegishli axborot kiritib boradi.

Yana bir muhim yangilik – farmonga asosan Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi tashkil etildi.

Uning zimmasiga Hisob palatasining mamlakatimiz Prezidentining oliy darajadagi tashriflari davomida imzolangan hujjatlari ijrosini nazorat qilish, strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etish hamda mahalliylashtirish jarayonini yana-da takomillashtirish, byudjet tashkilotlari, byudjet mablagʻlarini oluvchilar va monitoring yuritiladigan korxonalar tomonidan import qilingan mahsulotlarning asoslanganligini oʻrganish kabi funksiyalari yuklanadi. Hukumat komissiyasi esa inspeksiya faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, investitsiya boʻlmasa, iqtisodiyot rivojlanmaydi. Demak, endi investitsiyalarni nafaqat iqtisodiyot tarmoqlariga, balki ilmiy ishlanmalar va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirish oʻta muhimdir. Zero, mamlakat iqtisodiyotini taraqqiy ettirishda investitsiyalarning ahamiyati beqiyos.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер