Intellektual mulk huquqini himoya qilish kuchaytirilmoqda
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama markazida boʻldi.
Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bir qatorda intellektual mulk obyektlarining ishonchli huquqiy himoya qilinishini taʼminlashga va sifatli davlat xizmatlarini koʻrsatishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, yurtimizda aholiga professional xizmat koʻrsatadigan ixcham va samarali boshqaruv apparatini yaratish, aholining huquqiy muammolarini hal etishda adliya organlarining tutgan oʻrni va masʼuliyatini yanada kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining zimmasiga intellektual mulk obyektlarini himoya qilish hamda davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida qoʻshimcha vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, ushbu sohadagi islohotlarni inobatga olgan holda qonun hujjatlarni yanada takomillashtirish, shu jumladan aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ayrim toifadagi davlat xizmatlarini koʻrsatishda taqdim etiladigan imtiyozlarni qonun darajasida mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur Qonun amalga oshirilayotgan islohotlarga mos ravishda ishlab chiqilgan, Intellektual mulk hamda Davlat xizmatlari agentliklarining vazifa, funksiya va vakolatlari Adliya vazirligiga oʻtkazilganligini inobatga olib, vazirlikning vakolatlari aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Senatorlar taʼkidlaganlaridek, mazkur Qonun bilan Bojxona kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartirish orqali endilikda eksport rejimida ham intellektual mulkni himoya qilinishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, tovar belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomalarni berish muddati qisqartirilmoqda.
Adliya organlariga intellektual mulk hamda davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni qoʻllash vakolati berilmoqda.

Bundan tashqari, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanishda 50 foizlik chegirma qoʻllanilishi belgilanmoqda.
Muhokamada Qonunning hayotga tatbiq etilishi davlat xizmatlari sifatini oshirishga hamda aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashga, shuningdek, intellektual mulk huquqlarining himoya qilinishini kuchaytirishga va ushbu sohalarda samarali markazlashtirilgan boshqaruv tizimini taʼminlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring