Institut qoshida sutni qayta ishlash korxonasi ochildi

16:30 20 May 2022 Jamiyat
1161 0

Foto: Халқ сўзи

Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalari institutida sutni qayta ishlash korxonasi tashkil etildi. Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) koʻmagida ochilgan korxona bir kunda 2 tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega boʻlib, hozirda 500 litr sutdan 5 turdagi mahsulot tayyorlanmoqda. Ichki bozorga institut brendi bilan kirib borgan mahsulotlar ilk kunlardanoq xaridorlar eʼtiborini tortdi.

— Institutda barpo etilgan ushbu loyiha kelgusida qishloq joylarida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, buning uchun yetuk kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining Yevropa, Oʻrta yer dengizi va Markaziy Osiyo hududlari boʻyicha bosh direktori Mixayela Baur. — Xorijlik va ushbu institut olimlarining bilim va tajribalarini uygʻunlashtirgan holda yangi-yangi loyihalarni ishga tushirishni rejalashtirganmiz. Bu mamlakat qishloq xoʻjaligida yaxshi samara berishidan umidvormiz.

Korxona oʻz oʻrnida talabalar uchun amaliy mashgʻulot maskani vazifasini ham oʻtamoqda. Qolaversa, korxonada 15 nafar talaba ishlab, daromad topish imkoniyatiga ega boʻldi.

Aytish joiz, ushbu hamkorlik bundan bir necha yillar muqaddam boshlangan boʻlib, xalqaro tashkilot tomonidan yoʻnaltirilgan mablagʻ evaziga institut qoshida 2018-2020-yillarda chorva kompleksi qurilib, foydalanishga topshirilgan edi. Dastlab Yevropaning Avstriya davlatidan 30 bosh naslli qoramol olib kelindi. Ulardan nasl olish tufayli hozirda 70 boshga yetkazildi.

Yangi korxona institut chorva majmuasi faoliyatini yanada kengaytirdi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер