Inson manfaatlarini taʼminlash — asosiy maqsad

20:23 08 Sentyabr 2021 Jamiyat
819 0

Bugun mamlakatimizda har bir sohada keng koʻlamli oʻzgarish va yangilanishlar, tizimli islohotlar amalga oshirilyapti. Bunga koʻz guvoh. Ushbu saʼy-harakatlar zamirida inson manfaatlarini taʼminlashdek ezgu maqsad mujassam. Albatta, mazkur jarayonlarda respublikamizdagi eng yirik jamoat tashkiloti — kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etmoqda. 

Xususan, Sogʻliqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi tomonidan Toshkent shahar Kengashi tarmoq tizimida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari hamda mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash, salomatligini mustahkamlash kabi yoʻnalishlarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Bugungi kunda ushbu tarmoq tizimidagi 212 ta tashkilotni kasaba uyushma xizmatiga olgan boʻlib, ularda mehnat qilayotgan 116 ming 524 nafar xodimni oʻz atrofida birlashtirgan. 

Jamoa shartnomalarida belgilangan meʼyorlar, xodimlar uchun koʻzda tutilgan imtiyoz va kafolatlar ijrosini taʼminlash masalasi tarmoq kasaba uyushmasi Toshkent shahar Kengashining doimiy diqqat-markazida. Chunki, mazkur lokal hujjat tizimdagi korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan xodimlar va ularning oila aʼzolari ijtimoiy himoyasini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. 
Taʼkidlash joizki, “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Toshkent shahar Kengashi tomonidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashib fidoyilik koʻrsatib kelayotgan tibbiyot xodimlari, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj soha vakillarini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlanyapti. 

Xususan, ushbu toifadagi xodimlarning 1400 nafar farzandiga yangi oʻquv yili arafasida “Kasaba uyushmalari — bolalarga” ijtimoiy aksiyasi tashkil etilib, ularga turli oʻquv qurollari va darsliklar hadya etildi. Bu aksiyaga poytaxtimizdagi Mehribonlik uylari, sihatgohlar xodimlarining farzandlari ham qamrab olindi. 

— Oldimizda turgan vazifalar koʻlami nihoyatda keng, — deydi Sogʻliqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Toshkent shahar Kengashi raisi Gulnoza Toshpoʻlatova. — Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining VIII-Qurultoyida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida kengashimiz faoliyatida ham tubdan takomillashtirish ishlarini amalga oshirdik. Ayniqsa, boshlangʻich kasaba uyushma tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish, ularni mehnat ahlining haqiqiy suyanchi boʻlishlari yoʻlida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Pandemiya sharoitida soha xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlari himoyasi doimiy eʼtiborimizda. 

Shuningdek, soha xodimlarining tarixiy shaharlarga sayohatlarini tashkil etish, xodimlar hamda ular oila aʼzolarining maroqli hordiq chiqarishlarini taʼminlash, turli sport tadbirlari tashkil etib, sogʻlom turmush tarzi barqarorligiga erishish masalalariga ham ustuvorlik kasb etyapti. 
Bu hali hammasi emas. Ayni paytda Sogʻliqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Toshkent shahar Kengashi koʻplab yangi ijtimoiy loyihalar ustida ish olib borayotir. Bu nodavlat tibbiyot muassasalarini toʻliq kasaba uyushma xizmati bilan qamrab olish, ularda mehnat qilayotgan xodimlar ijtimoiy himoyasini taʼminlashga alohida eʼtibordan darak beradi. 

Muhabbat OʻRMONBEKOVA, 
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi 
Matbuot xizmati rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер