Inson huquqlarini himoya qilish borasida Ombudsmanlarning ilgʻor tajribalari
2023-yilning 18-19-oktyabr kunlari Moskva shahrida “Inson huquqlarini himoya qilish masalalari: Ombudsmanlarning ilgʻor tajribalari almashinuvi” VII ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirda 47 ta davlat ombudsmanlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, parlament va ijro etuvchi hokimiyat vakillari, diplomatlar ishtirok etishdi. Ombudsmanlarning ilgʻor tajribalarini oʻrganish va oʻzaro tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan ushbu yirik anjuman Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining 75 yilligiga bagʻishlandi.
Tadbirda taʼkidlanishicha, hozirda koʻplab davlatlarda buzilgan inson huquqlarini tiklash boʻyicha fuqarolarning Ombudsmanlarga boʻlgan ishonchi ortib bormoqda. Ayniqsa, ular huquq himoyachilari sifatida jamiyatda qanday muammolar borligi haqida hukumatni xabardor qiluvchi va uni bartaraf etish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berib boruvchi institut sifatida shakllandi. Mazkur anjuman esa shu kabi ilgʻor tajribalarni oʻrganish maydoni hisoblanadi.
Xalqaro tadbir ishtirokchilari xotin-qizlar, yoshlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, migrantlar, mahkum va mahbuslar huquqlarini taʼminlash va Ombudsman faoliyatidan aholi xabardorligini oshirish boʻyicha oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashishdi.
2 kun davomida boʻlib oʻtgan konferensiya yakunlariga koʻra, Osiyo, Afrika, Yevropa, lotin Amerikasi davlatlari Ombudsmanlarining 40 yaqin maʼruzalari tinglandi va ularda muhim takliflar bildirildi.
Shuningdek, Moskvaga tashrif davomida Ombudsman Feruza Eshmatova Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasida vatandoshlar bilan uchrashdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring