Inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham toʻgʻridan-toʻgʻri daxl qilmoqda — Shavkat Mirziyoyev
Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning oltinchi sammitida nutq soʻzlamoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Soʻzining avvalida davlatimiz rahbari oʻtgan davr davomida ushbu tuzilma xavfsizlikni taʼminlash, Osiyoda oʻzaro ishonch va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash masalalari boʻyicha keng va ochiq muloqot uchun muhim maydon sifatida oʻzining gʻoyatda zarur ekanligini koʻrsatganini taʼkidladi. Oʻzbekiston forumni transformatsiya qilish masalasi boʻyicha qoʻshma faoliyatda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
«Bugun biz xalqaro munosabatlarda noaniqlik tobora oʻsib, muloqot va ishonchning misli koʻrilmagan darajada taqchil boʻlib borayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz.
Bularning barchasi koʻp tomonlama hamkorlik asoslariga putur yetkazmoqda, mojarolarning avj olishiga sabab boʻlib, global iqtisodiyotda tizimli uzilishlarga olib kelmoqda.
Yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelik butun Osiyo qitʼasi barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham toʻgʻridan-toʻgʻri daxl qilmoqda, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish boʻyicha bizning saʼy-harakatlarimizni sekinlashtirmoqda», dedi Prezident.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring