“InnoWeek.uz-2019“ davom etmoqda
“Innovik-2019“ doirasida Innovatsion va investitsion forum tashkil etildi. Uning ochilishida Fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvaxitov, Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Armaniston Respublikasi Yuqori texnologiyali sanoat vaziri oʻrinbosari Gegam Vardanyan ishtirok etishdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Xalqaro innovatsion-investitsion forum quyidagi mavzulardagi seminarlarni oʻz ichiga olgan:
Global innovatsiyalar indeksida Oʻzbekiston Respublikasi koʻrsatkichlarini yaxshilashga doir takliflarni ishlab chiqish boʻyicha davra suhbati.
Qishloq xoʻjaligida qoʻllaniladigan innovatsion yechimlar mavzusidagi seminar.
Sunʼiy intellekt – Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotida amalga oshirish va rivojlanish istiqbollari toʻgʻrisidagi seminar.
Neft va gaz sohasidagi innovatsion faoliyat mavzusida seminar.

Ibrohim Abdurahmonov: “Har yili oktyabr oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Oʻzekspomarkaz” Milliy koʻrgazma majmuasida oʻtkaziladigan “InnoWeek” Innovatsion gʻoyalar haftaligi mahalliy hamda xorijiy tadqiqot va innovatsion markazlari, investitsiya jamgʻarmalari, texnologiya agentliklari, texnoparklar, biznes inkubatorlar va akseleratorlar vakillari ishtirok etadigan noyob platforma vazifasini oʻtamoqda.
Iqtisodiyot tarmoqlariga, ijtimoiy va boshqa sohalarga ilm-fan yutuqlarini, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy etish yurtimiz jadal rivojlanishining muhim shartidir. Bugunda jamiyat va davlat sektorining barcha sohalari shiddat bilan rivojlanmoqda. Mamlakatimizning dunyodagi yetakchi davlatlar qatoriga kirishi zamonaviy innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga qay darajada va sifatda joriy etishimizga bogʻliq. Shundagina ichki va tashqi bozorlarga raqobatbardosh mahsulotlarimizni taklif etish imkoniyatiga ega boʻlamiz.
Oʻtgan yili “2019—2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi” qabul qilindi. Mamlakatimizning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasi va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish deb belgilandi. Ana shu maqsadga erishishda Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib Global innovatsion indeks reytingi boʻyicha jahonning 50 ilgʻor mamlakati qatoriga kirishi uchun hozirda amaliy ishlar olib borilmoqda. Barcha darajada taʼlim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz taʼlim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini taʼminlash shular jumlasidandir.

Hozirda yurtimizda ilmiy tadqiqotlarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash, tadqiqotlar natijalarini iqtisodiyotning real sektoriga joriy etish uchun taʼlim, ilm-fan va biznes oʻrtasidagi hamkorlikni yoʻlga qoʻyilmoqda. Boshqaruvning zamonaviy usullari va vositalarini joriy etish orqali davlat hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish yoʻlida izlanishlar olib borilmoqda. Bu borada bir necha kun avval boʻlib oʻtgan davlat boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan Innovatsiya kunlari natijalari ham oʻz samarasini beradi, deb oʻylaymiz.
Mulkchilik huquqlari himoyasini taʼminlash, xususan mualliflik huquqlarini himoya qilish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar ham innovatsion rivojlanish yoʻlimizning yana bir jabhalaridan biridir. Raqobatbardosh bozorlar tashkil etish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sherikligi asosida tadbirkorlik faoliyatiga yangi quvvat bagʻishlash orqali iqtisodiyotimiz rivojlanayotgani, demakki, innovatsiyalarni yaratish va joriy etish imkoniyatlari kengayayotgani jamiyatimizning yangilayotganidan darak bermoqda, deb aytish mumkin.
Ilmiy-texnik, innovatsion va startap loyihalariga grantlar ajratishning yangilangan tizimini joriy etilishi bilan bir qatorda innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlanmoqda. Yaqin kunlarda “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi, “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasining ham tasdiqlanishi kutilmoqda.
“InnoWeek” Ikkinchi xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi Oʻzbekiston innovatsion ekotizimini rivojlantirishga, xorijiy va mahalliy tadbirkorlar va potensial investorlarning yangi innovatsion texnologiyalar bilan tanishishlariga, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va ishonchli sheriklarni topishga xizmat qiladi. Haftalik doirasidagi oʻtkazilgan uchrashuvlar, seminarlar, maʼruzalar, musobaqalar, mahorat darslari tadbirga tashrif buyurgan har bir ishtirokchining innovatsion tafakkurining oshishiga, uning ijodiy salohiyatining mustahkamlanishiga yordam berishiga ishonchim komil.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring