Innovatsion rivojlanish vazirligi 3 yoshda. U sohaga qanday oʻzgarishlar kiritdi?
Joriy yilning 3-dekabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligining “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bayrami arafasida tashkil etilgan mazkur tadbirda yurtimizda innovatsion ekotizimi shakllantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar bilan tanishtirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi innovatsion va ilmiy-texnik rivojlantirish sohasida jamiyat va davlat hayotini har tomonlama rivojlantirishga, mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi. Vazirlik tarkibiga 5 ta markaz, 1 ta nashriyot, innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarmasi, chet ellik maslahatchilar guruhi, Ilmiy-texnik kengash, Yoshlar akademiyasi kabilar kiradi.
Mamlakatda innovatsion ekotizimni shakllantirishda rivojlantirishning qonunchilik va normativ-huquqiy bazasi takomillashtirildi. Oʻzbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida” va “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida” Qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasini 2019-2021-yillarda innovatsion rivojlantirish strategiyasi va Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi.

2018 - 2020-yillar mobaynida tarmoq vazirlik va korxonalar, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlardan taklif va ehtiyojlari asosida 147 ta loyihaga 117,2 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi. Ilmiy tashkilotlar oʻrtasida raqobat muhiti shakllandi, ilmiy tashkilotlarda zamonaviy laboratoriya uskunalari, reagent va materiallar sotib olishga loyiha doirasidagi mablagʻlarning 40 foizi yoʻnaltirildi.
Xorijiy mamlakatlar bilan ilm-fan va innovatsiya sohasidagi qoʻshma loyihalar dasturlarini amalga oshirish kengaytirildi. Xalqaro ilmiy hamkorliklar doirasida Germaniya, Rossiya, Turkiya va Belarussiya bilan jami 17,4 mlrd. soʻmlik 44 ta qoʻshma ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. 2021-2022-yillar davomida Xitoy, Hindiston, Turkmaniston, Eron, Belorussiya, Rossiya va YEAPI (Yevroosiyo hamjamiyati) bilan hamkorlik doirasida 79,6 mlrd. soʻmlik 95 ga yaqin xalqaro ilmiy loyihalarni moliyalashtirish koʻzda tutilgan.
Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan 2018-2020-yillarda ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining ilmiy laboratoriyalarini 95 turdagi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlashga 52,3 mlrd. soʻm yoʻnaltirildi. Shu jumladan, Fanlar akademiyasi tasarrufidagi ilmiy-tadqiqot muassasalariga 44 turdagi asbob-uskunalar xaridi uchun 44,4 mlrd. soʻm yoʻnaltirilgan.
- Mamlakatda ilk bor startap loyihalar tanlovlarini oʻtkazish tizimli tashkil etildi, ularni boshlangʻich bosqichida qoʻllab-quvvatlash va bozorga chiqishga tayyorligidan kelib chiqib moliyalashtirish tizimi joriy etildi. Hozirga qadar umumiy qiymati 33 mlrd. soʻmlik 35 ta startap loyihalar moliyalashtirildi.
Mamlakat iqtisodiyotiga ilmiy hajmdor yangi texnologiyalarni tezkor joriy qilish uchun texnologiyalar transferi amaliyotga kiritildi. Oʻzbekistonda ilk marotaba ishlab chiqarilgan birinchi oʻpkaning sunʼiy ventilyatsiyasi apparatlari (IVL) va narkoz-nafas olish apparati (NDA) “Made in Uzbekistan” yorligʻi ostida ishlab chiqarildi va klinik-tadqiqod sinovidan oʻtkazishga topshirildi.

2018-2020-yil 1-noyabr holati umumiy tijoratlashtirilayotgan innovatsion ishlanmalar soni 132 taga yetdi, shundan 49 ta innovatsion ishlanma tijoratlashtirildi, 92 ta ishlanma yuzasidan ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda umumiy qiymati 73,4 mlrd. soʻm miqdorida mahsulot ishlab chiqarildi va 59,4 mlrd. soʻmlik mahsulot sotildi.
Vazirlik huzuridagi “Yashnobod” innovatsion texnoparki rezidentlari tomonidan jami 33,6 mln. AQSH doll. miqdorida investitsiya loyihalari doirasida 337 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi, 147,6 mlrd soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi, eksport hajmi esa 1,1 mln. AQSH dollariga yetdi.
Hududlarda innovatsion ekotizimni shakllantirishga koʻmaklashish maqsadida yangi innovatsion infratuzulmalar obyektlari tashkil etildi. Xususan, Fargʻona shahrida Yoshlar innovatsiya markazi, Urganch davlat universitetida “Xorazm innovatsion texnoparki”, Sirdaryo viloyatida “Biznes-akselerator” oʻquv-amaliy markazi, Andijon viloyatida “Andijon innovatsion tajriba-sinov maydonchasi”, Moʻynoqda teletibbiyotga asoslangan “Muynoq telemedicine clinic” innovatsion klinikasi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Ohangaron shahridagi “Bolalar texnoparki”, Sirdaryoda “Sabzavot va poliz ekinlari ilmiy urugʻchilik stansiyasi”, Nukus shahrida DXSH asosida Nukus startap-innovatsiya markazi tashkil etilmoqda. BMT Taraqqiyot Dasturi hamkorligida “Innovatsiyalar va boshqaruvda yechimlar Laboratoriyasi” tashkil etildi.
Ilgʻor texnologiyalar markazida koronavirus infeksiyasiga chalinganlikni aniqlash boʻyicha test oʻtkazish amaliyoti muvaffaqiyatli oʻzlashtirildi. Buning uchun Markazda SARS-Cov-2 virusini aniqlash boʻyicha maxsus laboratoriya tashkil etildi.
Mamlakatda ilm-fanni va innovatsiyalarni rivojlantirish, yuqori texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarishga investitsiyalar jalb etish yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, Vazirlik tomonidan 2019-2020-yillar davomida jami 251,3 mln. AQSH dollari miqdorida 50 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilib kelinmoqda. Shundan, 2019-yilda 15,1 mln. AQSH dollari, 2020-yilda 24,5 mln. AQSH dollari jalb etildi.

Iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yana-da jonlantirish maqsadida vazirlik huzurida Yoshlar akademiyasi hamda iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil qilindi.. Hozirda Yoshlar akademiyasi aʼzolari soni 1800 nafarga yetdi. Jamgʻarmaga 3,8 mlrd. soʻm mablagʻlar shakllantirildi, yoshlarning 83 ta loyihalari amalga oshirilmoqda. 2020-2023-yillarda Respublikamizning 13 ta hududida bosqichma-bosqich “Yoshlar texnoparki”ni tashkil etish belgilandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring