Innovatsion hududda innovatsion yangiliklar  

11:35 01 Noyabr 2021 Jamiyat
973 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Davlatimiz rahbarining joriy yil 1 aprelda qabul qilingan “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida Samarqand viloyatining Urgut tumani innovatsion hududga aylantirilmoqda.

Jumladan, tuman markazida “Sunʼiy yo‘ldosh texnologiyasi yordamida yer osti suv quvurlaridagi ko‘rinmas nosozliklarni aniqlash va yer osti infratuzilma obyektlari (suv, gaz, kanalizatsiya quvurlari, telekommunikatsiya va elektr tarmoqlari)ni xaritalash” innovatsion loyihasi ishlab chiqilmoqda. Loyiha “Maya International Infrastructure” O‘zbekiston-Isroil qo‘shma korxonasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Ushbu kompaniya loyiha doirasida 2021-2022 yillarda tumanga 2,2 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya kiritmoqda. Birinchi loyihaga asosan sunʼiy yo‘ldosh texnologiyasi yordamida yer osti suv quvurlaridagi ko‘rinmas nosozliklar aniqlanadi. Shu bilan birga, deylik, bir yil davomida 5,3 million metr kub ichimlik suvining yo‘qolish hajmi mavjud bo‘lgan taqdirda 1,4 million metr kub suvning isrof bo‘lishi oldi olinadi. Bu bilan 2 milliard so‘m mablag‘ tejaladi, aholiga yetkazilayotgan ichimlik suvining sifati va taʼminoti yaxshilanadi.

Loyihaga ko‘ra, suv quvurlari kovlanmasdan avtomatlashtirilgan usulda sanatsiya (reabilitatsiya) qilinadi. Quvurlarning yaroqlilik muddati 50 yilgacha yetadi. Yer ostiga ichimlik suvi sizishi natijasida shahar infrastrukturasiga zarar yetish holatlari (asfalt yo‘llarning cho‘kishi, buzilishi) barham topadi.

Innovatsion hududda yana bir yangilik. Bu yerda takroriy ekinlar urug‘ini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmaning sanoat namunasi yaratilyapti.

Tumanda 520 mingdan ziyod aholi yashaydi. Bu esa ekin yerlaridan samarali foydalanib, aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish zaruratini taqozo etadi.

- Ayni masalani hal qilishning samarali yo‘llaridan biri maydonlarga takroriy ekinlarni ekishdir, - deydi Samarqand viloyat innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi A. Norboyev. - Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali olimlari tomonidan yaratilgan, takroriy ekinlar urug‘ini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmani ishlab chiqarishga joriy etish ushbu masalani samarali yechishga xizmat qiladi.

Tumanda 28 ming gektar maydon ekishga mo‘ljallangan bo‘lsa, shundan 8 ming gektarida takroriy ekinlar yetishtiriladi. Filialda yaratilgan takroriy ekinlar urug‘ini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmaning sanoat namunasini yaratish bo‘yicha amaliy loyiha qishloq xo‘jaligida asosiy ekindan so‘ng, shu yilning o‘zida hosil beruvchi o‘simliklarni ekishning sifatini oshirishga qaratilgan.

Mazkur qurilmaning qo‘llanilishi suvning 17,3 foiz tejalishiga va yonilg‘i sarfining 2,8 marta kamayishiga, mehnat unumdorligi esa 25 foiz oshishiga olib keladi.

 

  Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер