Inflyatsiya darajasini pasaytirish choralari muhokama qilindi
Foto: president.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida joriy yilda inflyatsiya darajasini pasaytirish choralari muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.
Maʼlumki, inflyatsiya faqatgina makroiqtisodiy koʻrsatkich emas, aholi daromadi va turmush tarziga taʼsir qiluvchi omil hisoblanadi. 2022-yil yakuni bilan yurtimizda inflyatsiya 12,3 foizni tashkil etgan edi. Barcha iqtisodiy mexanizmlarni qoʻllab, joriy yilda bu koʻrsatkichni 10 foizdan pastga tushirish maqsad qilinmoqda.
Buning uchun isteʼmol tovarlari, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, ularni “daladan dasturxongacha” yetkazib berishdagi xarajatlarni qisqartirib, arzon boʻlishini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish uchun aholiga ajratilgan jami 200 ming gektar yerdan unumli foydalanish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Ushbu chora-tadbirlarni tizimli tashkil etish uchun hududlar salohiyatidan kelib chiqib, har bir tuman va shahar boʻyicha alohida “yoʻl xaritalari” ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Aholi daromadlarini oshirishda ularning boʻsh pul mablagʻlarini moliya bozoriga jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Bu borada yaratilayotgan qulayliklar oʻz natijasini bermoqda. Jumladan, oxirgi uch yilda aholining bankdagi omonatlari 2 baravarga oshdi.
Lekin, bu yoʻnalishda hali imkoniyatlar koʻp. Shu bois yigʻilishda aholi uchun jozibador moliyaviy xizmatlar turlarini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring