Indoneziyada vulqon otilishi oqibatida halok boʻlganlar soni 22 nafarga yetdi

20:15 05 Dekabr 2023 Dunyo
265 0

Foto: BPPTKG

Indoneziyadagi Marapi vulqonining otilishi oqibatida halok boʻlganlar soni 22 nafarga yetdi. Bu haqda AFP agentligi Padang qidiruv-qutqaruv xizmati bayonotiga tayanib xabar bermoqda.

Avvalroq, Indoneziyadagi Marapi vulqonining otilishi oqibatida halok boʻlganlar soni 13 kishiga yetgani, yana 10 nafar alpinist bedarak yoʻqolgani xabar qilingan edi. Yakshanba kuni tushdan keyin Indoneziya rasmiylari Marapi vulqoni otilishi oqibatida 75 nafar alpinist qamalib qolganini, keyinroq ulardan 49 nafari muvaffaqiyatli qutqarilganini bildirgandi.

Padang qidiruv-qutqaruv xizmati rahbari Abdul Malikning aytishicha, bedarak yoʻqolgan oʻn nafar alpinistdan toʻqqiz nafarining jasadi topilgan. Qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda.

Yaponiya meteorologiya boshqarmasi Sumatra orolidagi Marapi vulqonining otilishidan keyin kul ustuni 15 ming metrni tashkil etgani haqida xabar bergan edi.

Indoneziya Tinch okeanining “Olov halqasi” deb ataladigan qismida joylashgan. 40 ming kilometr uzunlikdagi vulqonlar va tektonik yoriqlar chizigʻi Tinch okeanini oʻrab oladi, Janubiy va Shimoliy Amerika qirgʻoqlari boʻylab janubiy Alyaskagacha boradi, soʻngra Yaponiya, Filippin va Indoneziyaga buriladi va Yangi Gvineya oroli, Yangi Zelandiya va janubi-gʻarbiy Okeaniyada tugaydi. Sayyoramizdagi 1,5 mingga yaqin maʼlum boʻlgan vulqonlarning deyarli 90 foizi “Olov halqasi”da joylashgan. Yer yuzidagi barcha zilzilalarning 90 foizi shu yerda sodir boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер