Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan yangi kitoblar taqdimoti oʻtkazildi
Фото: Динара Чиркова
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Samarqandlik allomalar”, “Alouddin al-Usmandiy as-Samarqandiy”, “Imom Buxoriy — muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy majmuasi” kitob albomi va “Ibrohim Saffor Buxoriy” kitoblari taqdimoti oʻtkazildi.
Unda islomshunos va sharqshunos olimlar, soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar va talabalar qatnashdi.
Soʻzga chiqqanlar Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hamda yurtimizdan yetishib chiqqan boshqa ulugʻ allomalar merosi, ularning jahon sivilizatsiyasi, ilm-fan taraqqiyoti rivojiga qoʻshgan bebaho hissasini chuqur tadqiq etishda muhim oʻrin tutayotganini taʼkidladilar.
Markaz ilmiy xodimlari tomonidan keyingi ikki yil davomida 50 ga yaqin nomdagi diniy-maʼrifiy, tarixiy, maʼnaviy-maʼrifiy mavzulardagi kitob, risola va plakatlar nashr etildi. “Jaholatga qarshi — maʼrifat” va “Oʻzbekiston buyuk allomlar yurti” rukni ostida 30 ta kitob nashrga tayyorlandi.
— Kitoblar maʼnaviy xazinadir, — deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari Shukurillo Umarov. — Ushbu asarlar maʼrifiy islomning asl insonparvarlik tamoyillarini targʻib etish, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz hayoti, ilmiy merosi bilan yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, ularda ona Vatanga hurmat, milliy qadriyat, urf-odat va anʼanalarimizga sadoqat tuygʻularni shakllantirishda asqatadi.
Dilshod KARIMOV
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring