Imkoniyati cheklangan oʻquvchilar uchun “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazildi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikumda Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda “Kasb va yoshlar” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Ushbu tadbirda viloyatdagi barcha alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari hamda umumtaʼlim maktablarining nogironligi bor boʻlgan 125 nafar bitiruvchilari va ularning ota-onalari ishtirok etib, texnikumda yaratilgan shart-sharoitlar, oʻqitiladigan kasblar bilan yaqindan tanishdi.

Bugungi kunda mazkur texnikumda 226 nafar oʻquvchilarga kasb-hunar sirlari oʻrgatilib kelinmoqda. Bu taʼlim maskanida “Tikuvchi”, “Maishiy texnika jihozlariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash”, “Apparat va dasturiy taʼminot sozlovchisi”, “Poyabzal ishlari”, “Duradgorlik va pol yotqizish ishlari ishchisi”, “Mebel ishlab chiqarish” kabi kasblar boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkaziladi. Unga respublikamizning Samarqand viloyati va tumanlaridan, shuningdek, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy, Jizzax viloyatlarining maxsus maktab-internatlari bitiruvchilari oʻqishga qabul qilinadi.

Texnikumda oʻquv amaliy mashgʻulotlarini olib borish uchun zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan oʻquv ustaxonalari mavjud boʻlib, “Tikuvchilik” va “Poyabzal ishlari” kasblari boʻyicha ish beruvchi korxonalar bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalariga muvofiq, ularning buyurtmasi asosida mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.
“Maishiy texnika jihozlariga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash” kasbi boʻyicha hududdagi aholining uy-roʻzgʻor elektrotexnik buyumlarini taʼmirlash ishlari yoʻlga qoʻyilganligi sababli oʻquvchilarning kasbiy koʻnikmalarini shakllantirish, ularda kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirishga erishilmoqda.

“Duradgorlik va pol yotqizish ishlari ishchisi”, “Mebel ishlab chiqarish” kasblari boʻyicha ham ish beruvchi korxonalarning buyurtmasiga asosan duradgorlik va mebel jihozlari, jumladan, shkaf, xontaxta kabi duradgorlik mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Texnikumda taʼlim-tarbiya olayotgan oʻquvchi-yoshlarni boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida muntazam faoliyat olib boruvchi 32 ta toʻgarak guruhlari tashkil etilgan boʻlib, shulardan umumtaʼlim fanlar, badiiy havaskorlik, rassomchilik, zardoʻzlik va kasbiy toʻgaraklarga oʻquvchilar jalb qilingan.

Tadbir davomida oʻquvchilar va ota-onalar texnikumdagi darslar, oʻquv amaliyot mashgʻulotlarida bevosita ishtirok etib, xonalarning texnik jihatdan jihozlanishi, oʻqituvchilarning dars oʻtish mahoratiga baho berishdi.
“Ochiq eshiklar kuni” doirasida davra suhbati tashkil etilib, oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish, oʻqishga qabul qilish tartibi, ularning bandligini taʼminlash, taʼlim sifatini oshirish kabi mavzular batafsil muhokama qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring