IMEI-kodlari 3 ish kuni mobaynida toʻlov asosida roʻyxatga olinadi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati rahbari Sherzod Ahmatov ishtirokida brifing boʻlib oʻtdi. Brifingda Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq mobil qurilmalarni roʻyxatdan oʻtkazish jarayoniga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilgani toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etildi.
Ushbu qaror mobil qurilmalarni roʻyxatga olish tizimi ishga tushirilganidan soʻng fuqaro va tadbirkorlardan kelib tushgan murojaat va takliflardan kelib chiqqan holda isteʼmolchilarga sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish, ichki bozorni kontrafakt mahsulotlarning olib kirilishi va sotilishidan himoya qilish, telekommunikatsiya bozorida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish hamda tizimni takomillashtirish va qulayliklar yaratish maqsadida ishlab chiqildi.
Ushbu qarorga asosan mobil qurilmaning bir slotiga tegishli IMEI-kodi 2019-yil 1-noyabrgacha avtomatik roʻyxatdan oʻtgan va bazaga kiritilgan boʻlsa, uning boshqa slotidagi IMEI-kodi qurilma egasi tomonidan quyidagi harakatlar bajarilganidan soʻng tizim operatori tomonidan 3 ish soati mobaynida bepul amalga oshiriladi:
● qurilma egasining tizim operatori yoki tizim roʻyxatga oluvchisiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan shaxsan murojaat qilishi;
●MEI kodining ushbu mobil qurilmaga haqiqiy ekanligini tasdiqlash (mobil qurilma klaviaturasida *#06# kodini yozib olingan IMEI kodining ekran tasvirini taqdim etish);
●Nizomga muvofiq anketa taqdim etish.
Maʼlumot uchun:
Tizimni joriy etishning birinchi bosqichida, yaʼni 2019-yil 1-apreldan 1-noyabrga qadar 36,2 mln. IMEI kodlar tizimda avtomatik tarzda bepul asosda roʻyxatdan oʻtkazildi.
Ikkinchi bosqichda (1-noyabrdan 1-dekabrgacha) esa 2,8 mln IMEI kodlar tizim operatoriga murojaat qilish orqali bepul asosda roʻyxatdan oʻtkazildi.
2019-yil 1-dekabrdan mobil qurilmalarning IMEI-kodlari roʻyxatdan oʻtkazish pullik asosda amalga oshirilib kelinmoqda.
Agar 2019-yil 1-noyabrdan keyin arizaga asosan roʻyxatga olingan boʻlsa, jarayon 3 soat ish vaqtida toʻlov asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, respublika hududida mobil qurilmalar chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar mobil qurilmalarni respublika hududiga olib kirish sanasidan qatʼiy nazar, ularni roʻyxatdan oʻtkazish uchun javobgar boʻladilar.
Xorijiy davlatlarning Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari mobil qurilmalari IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik korpusga xizmat koʻrsatish byurosiga murojaat qiladi. Bunda diplomatik vakolatxonalar tomonidan mobil qurilmalar diplomatik pochta orqali olinmagan taqdirda arizaga bojxona yuk deklaratsiyasi yoki bojxona kirim orderi taqdim etiladi.
Tizim operatori Diplomatik korpusga xizmat koʻrsatish byurosi bergan arizaga muvofiq IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazishni ariza olingan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida toʻlov asosida amalga oshiradi.
Sud qaroriga koʻra davlat egaligiga oʻtkazilgan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun davlat ijrochisi tomonidan anketa va sud qarori nusxasi tizim operatoriga taqdim etiladi.
Shunga koʻra, tizim operatori mobil qurilmalarni ariza kelib tushgan kundan boshlab 3 ish kuni mobaynida roʻyxatdan oʻtkazadi.
Tizim operatori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi oʻrtasida sud qaroriga koʻra davlat egaligiga oʻtkazilgan mobil qurilmalar boʻyicha elektron axborot almashinuvi amalga oshiriladi.
Mobil qurilmalarni IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun ishlab chiqaruvchi tashkilotlar qurilma ishlab chiqarish uchun tegishli ruxsatnomalarni, shuningdek, vakolatli organlarni mahalliy ishlab chiqaruvchisi haqidagi maʼlumotlarni taqdim etishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega boʻlgan chet davlat fuqarosi va Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega fuqaroligi boʻlmagan shaxs tomonidan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini tizim operatori yoki tizim roʻyxatga oluvchisiga shaxsan murojaat qilish yoʻli bilan roʻyxatga olinadi.
Bojxona chegarasidan tovarlarni bojsiz olib kirish normalariga rioya qilinmagan holda olib kirilgan mobil qurilmalar, ular uchun import qiluvchi sifatida bojxona toʻlovlari toʻlangandan soʻng IMEI-kodlari roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro pochta yoki kuryerlik joʻnatmalari orqali olib kiritilgan mobil qurilmalar Tizim operatori yoki Tizim roʻyxatga oluvchisiga shaxsan murojaat etish yoʻli bilan, shuningdek, tizim operatorining sayti orqali, mos ravishda pochta identifikatorining shtrix kodi, kalendar shtempeli boʻlgan konvert va joʻnatma oluvchining pasportini koʻrsatgan holda amalga oshiriladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan roʻyxatga olish uchun koʻrsatilgan mobil qurilmalar olib kirilgan, shu jumladan xalqaro pochta yoki kuryerlik joʻnatmalari orqali keltirilgan mobil qurilmalar soni jismoniy shaxslar uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan bojxona chegarasi orqali tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan normalaridan oshmasligi lozim.
Bojsiz olib kirish meʼyorlaridan ortiqcha qismi boʻyicha bojxona toʻlovlari toʻlanganligini tasdiqlovchi bojxona kirim orderi taqdim etilishi kerak.
Jismoniy shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (sana, usul va boshqa) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashish orqali murojaat etilgan sana va pasport maʼlumotlarini qayd etilgan holda tekshiriladi.
Xalqaro pochta joʻnatmalari maʼlumotlari tekshiruvi “Oʻzbekiston pochtasi” AJ, kuryerlik joʻnatmalari va BKO boʻyicha maʼlumotlari tekshiruvi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan elektron axborot almashinuvi orqali amalga oshiriladi.
Bojxona chegarasidan tovarlarni bojsiz olib kirish normalariga rioya qilinmagan holda olib kirilgan mobil qurilmalar, ular uchun import qiluvchi sifatida bojxona toʻlovlari toʻlangandan soʻng IMEI-kodlari roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring