“Ilm-fanga intilish bizning qonimizda, genimizda bor”

11:12 02 Oktyabr 2020 Siyosat
1994 0

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Oʻqituvchi va murabbiylar bayramiga bagʻishlangan tantanali tadbirda nutq soʻzladi. Ushbu nutq murojaatnoma tarzida yoʻllangan boʻlib, unda yangilanayotgan Oʻzbekiston davlatida Uchinchi Renessansga poydevor yaratish masalasi ilgari surildi.

Murojaat chogʻida “Yangi Oʻzbekiston maktabdan boshlanadi!” degan ilhombaxsh shior yangradi. Ushbu chaqiriqning tagida ulugʻ hikmat bor, albatta. Binobarin, “Biz maʼrifat borasida «iligi toʻq” xalqmiz. Ilm-fanga intilish bizning qonimizda, bugungi til bilan aytganda, genimizda bor», - dedi Prezident oʻz nutqida. Darhaqiqat, bugungi kunda butun jahonda eng qimmatbaho mahsulot bilim ekanini nazarda tutadigan boʻlsak, biz oʻz eʼtiborimizni ilmu maʼrifatli yosh kadrlarni tayyorlash ustida tizimli va samarali ish olib borishga qaratishimiz zarur. Buning uchun amalga oshirish kerak boʻlgan ishchan mexanizm davlatimiz rahbarining nutqida oʻz aksini topdi.

Albatta, biz avval ham taʼlim-tarbiya masalasiga katta eʼtibor ajratganmiz. Bunda oʻqituvchining oʻz ustida ishlashi, muntazam ravishda malaka oshirishi, zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanishi kerakligi belgilab qoʻyilgan edi. Tabiiyki, bu jarayonda tizimdagi asosiy yuk oʻqituvchining zimmasiga tushar edi. Ushbu zalvorli yuk koʻplab pedagog kadrlarning taʼlim sohasidan ketib qolishiga sabab boʻlganini tan olishimiz kerak.

Davlatimiz rahbarining nutqida belgilab berilgan galdagi vazifalar taʼlim sohasida umumiy atmosferani yuksaltirish, qulay ishchanlik muhitini yaratishga qaratildi. Jumladan, Prezident Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligiga bir oy muddatda Oʻzbekistonda ilm-fan sohalarini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish topshirigʻini berdi. Bunda ilm-fanning rivojlanishiga qaratilgan istiqbolli grant ishlariga yosh olimlarni va talabalarni ham jalb etish nazarda tutilgan. 

“Oʻqituvchilarni boshqa ishlarga jalb qilish javobgarlikka sabab boʻlishini qatʼiy belgilash lozim”, - dedi davlat rahbari oʻz nutqida. Darhaqiqat, pedagoglarning oʻz ishi bir chetda qolib, paxta yigʻim terimi, atrof-muhitni axlatdan tozalash ishlariga asossiz ravishda jalb etilishi koʻp yillar davom etdi. Bu borada oʻqituvchining qadr-qimmati va shaʼni hech kimni qiziqtirmay qoʻygan edi.

Endilikda, oʻqituvchi va muallimlarning hayotdagi nufuzi va mavqeini oshirish maqsadida ularning maqomini qonun darajasida belgilash taklif etildi. Yoshlarga taʼlim va tarbiya berish jarayonida oʻqituvchilar oʻzlarining salohiyatini toʻliq namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni ijtimoiy, huquqiy, moddiy qoʻllab-quvvatlash choralari kafolatlanishi, jumladan, maktab direktori, uning oʻrinbosari, sinf rahbari, oʻqituvchining maqomi aniq belgilanishi lozim ekani alohida taʼkidlandi.

“Maktab direktorligini eng yaxshi 5 yillik rivojlantirish dasturiga ega nomzodlar egallashi kerak”, - dedi Prezident oʻz nutqida. Darhaqiqat, har bir rahbar oʻz mehnat faoliyatini boshlashdan avval oldiga muayyan maqsadli dastur tuzib olishi shart. Ushbu dasturda belgilangan vazifalar, avvalambor, taʼlim sohasida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga hamohang boʻlishi, unda boshqaruvga xos samarador usullarning qoʻllanishi, kadrlar bilan ishlashdagi mahorat darajasi, uzoqni koʻzlaydigan rejalarni amalga oshirishda ijobiy natijadorlikka erishish yoʻllari oʻz ifodasini topishi joiz. Shu bilan birga, maktab direktorligiga tayinlanadigan nomzod muayyan tanlovdan oʻtishi maqsadga muvofiqdir.

Bu borada, Xalq taʼlimi vazirligi huzurida boshqaruv kadrlari bilan ishlashga asoslangan maxsus kengash tuzilishi kerak. Ushbu kengash maktab direktorligiga tavsiya etilgan nomzodlarni sinovdan oʻtkazibgina qolmay, balki, ushbu nomzodga oʻzining tavsiyalari bilan koʻmak berishi foydali boʻladi. Shu bilan birga, ushbu kengashning maktab direktorlari bilan muntazam ravishda hamkorlik olib borishi tavsiya etiladi.

Davlat rahbari oʻz nutqida sinf rahbari uchun qoʻshimcha toʻlov 2020-yil 1-oktyabrdan 1,5 baravarga oshirilishi va bu maqsadda 400 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilishini maʼlum qildi. Bu esa, “Ustoz ota kabi ulugʻ” degan hikmatli naqlni qogʻozda emas, amalda qaror toptiradigan, oʻqituvchi-muallimning qadr-qimmatini joyiga qoʻyadigan payt kelganining amaliy ifodasini anglatdi.

Prezident soʻnggi toʻrt yilda maktab oʻqituvchilarining oylik maoshi bir yarim barobar koʻpaytirilgani, davlat mukofotlari bilan taqdirlanayotgan ustozlar soni oshib borayotgani, oʻqituvchi tayyorlaydigan hisobotlar, qogʻozbozliklar soni keskin kamaytirilganini qayd etib oʻtdi.

Davlat rahbarining nutqida taʼlim sohasining besh ustunini alohida keltirildi. Bular: maktabgacha taʼlim tarbiyachilari, maktab oʻqituvchilari, professor-oʻqituvchilar, ilmiy-ijodiy ziyolilar hamda ota-onalardir.

Darhaqiqat, shu paytgacha bolaning taʼlim olishida pedagogning javobgarligi haqida koʻp gapirilar edi. Bunday holatlarda ota-onalar negadir oʻz zimmasidagi yukni oʻqituvchining gardaniga yuklashni afzal bilardi. Endilikda, ota-onalarning taʼlim-tarbiya sohasidagi muhim oʻrni aniq belgilandi. Zero, taʼlim muassasasida olib borilayotgan tarbiyaviy jarayon uyda ota-onalar ishtirokida davom etishi kerak. Oʻz oʻrnida, ota-onalar ham farzandining taʼlim olishida bevosita qatnashishi, taʼbir joiz boʻlsa, birga oʻqishi va taʼlim olishi zarur, deya belgilandi.

Prezident parlament aʼzolaridan mahalliy kengashlarning maktablar bilan ishlash tizimini alohida nazoratga olib, ushbu jarayonlarga yaqindan koʻmak berishlarini soʻradi va Oliy Majlis palatalari ikki oy muddatda umumtaʼlim maktablari bilan ishlashni yana-da kuchaytirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha zarur vazifalarni belgilab berdi.

Uchinchi Renessansga poydevor qoʻyar ekanmiz, avval bor, jadid bobolarimiz belgilab bergan ilmu maʼrifat yoʻlidan borayotganimiz ularning ruhini shod etadi, deya baralla aytish mumkin. Zero, Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov singari maʼrifatparvarlar boshlab bergan, ammo oxiriga yeta olmagan ulugʻ maqsadga erishish baxti bizga nasib etgusidir.

Oydin ABDULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер