«Ilik uzildi» payti qanday taomlanish kerak?

00:02 09 Mart 2023 Jamiyat
715 0

Foto: Illustrativ surat

Yurtimizda qish tugab, iliq bahor fasli boshlandi. Ayni shu pallada koʻpchilik insonlarda holsizlik va ruhiy tolqish kuzatiladi.

Xoʻsh, bu nima bogʻliq? Uning oldini olish uchun qanday yoʻl tutish lozim?

Ushbu savollarga Sogʻliqni saqlash vazirligi bosh nutritsiologi Guli Shayxova javob beradi.

— Darhaqiqat, fasllar almashinuvi davri, xususan, kuzdan qishga, qishdan bahorga oʻtayotgan payt aksariyat kishilarda bunday holat koʻp uchraydi, — deydi mutaxassis. — Bu esa organizmda moddalar almashinuvi tezlashishi va vitaminlarga boʻlgan ehtiyoj ortishi bilan bogʻliq.

Yaʼni, avitaminoz (vitaminlar yetishmasligi) sababli inson ertalab uyqudan turishni istamaydi. Koʻpchilikni lanjlik, uyquchanlik, diqqat-eʼtiborning susayishi, ruhiy toliqish, tushkunlik va bosh ogʻrigʻi qiynaydi.

Baʼzi kishilarda esa yuz-qoʻl terisi qurib, yoriladi. Koʻz tagida koʻkimtir izlar paydo boʻladi, koʻrish qobiliyati pasayadi. Soch toʻkilib, tirnoqlar moʻrtlashadi. Shu bois bu davrda vitaminlar, minerallar, ozuqali moddalar va oʻsimlik tolalariga boy oziq-ovqatlar tanovul qilish, ichaklar faoliyatini yaxshilash uchun toza suv ichish lozim.

Qolaversa, bahor fasli koʻkatli taomlar, sabzavotlar isteʼmol qilish maqsadga muvofiq. Chunki ular tarkibida organizm uchun zarur boʻlgan S vitamini, ozuqa tolalari, bioflavonoidlar, antioksidantlar mavjud. Ayniqsa, ismaloq, yalpiz, mador, otquloq, jagʻ-jagʻ kabi giyohlardan tayyorlangan taomlar tanada moddalar almashinuvi va oshqozon-ichak tizimini yaxshilaydi.

Shuningdek, qishda zaiflashgan organizm A, V, D va Ye vitaminlariga muhtoj boʻlgani sababli ularning oʻrnini toʻldirish uchun toʻliq donli undan tayyorlangan non, yongʻoq, goʻsht, baliq, qaymoq, tovorog, yongʻoq, mayiz, bodom va asal yeyish kerak. Tushlik va kechki ovqatda esa koʻproq yogʻsiz va tez hazm boʻluvchi ovqatlar isteʼmol qilish maqsadga muvofiq.

Aksincha bahorda sitrus mevalarni koʻp yeyish tavsiya etilmaydi. Chunki tabiat uygʻonishi, daraxtlarning gullashi allergiyaga moyil kishilarda kasallikni qoʻzgʻashi mumkin. Shuningdek, soch, qoʻl-oyoq va yuz parvarishiga eʼtibor qaratish, teri kasalliklari hamda allergiyaga moyil insonlar shifokor nazoratida kerakli muolajalarni olishi lozim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер