Ikkitadan kodeks va qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Ular nima beradi?
Senatning beshinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama markazida boʻldi.
Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi kabi bir qator qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Jinoyat kodeksining sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari aylanishi bilan bogʻlik jinoiy harakatlar uchun javobgarlik koʻrsatilgan moddasiga qoʻshimcha kiritilmoqda. Yaʼni tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun alohida javobgarlik belgilanib, aybdor besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelsa, aybdor bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi belgilanmoqda. Agar bolalarning majburiy umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi olishiga ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan toʻsqinlik qilinsa, BHMning yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima belgilanib, javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi aholining huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish va oʻz navbatida davlat organlarining ham bu boradagi masʼuliyatini yana-da oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring