Ikkita GES yangidan ish boshladi
28-dekabr kuni “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan modernizatsiya loyihalari doirasida ikkita GES:
- “Toshkent GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi GES-9;
- “Quyi-Boʻzsuv GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi GES-14 ning yangi quvvatlardagi rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
GES-9 – “Toshkent GESlar kaskadi” UK tarkibidagi GES hisoblanib, Chirchiq-Boʻzsuv traktida Toshkent shahrida joylashgan boʻlib
1943-yilda ishga tushirilgan.
Uzoq yillar davomidagi ekspluatatsiya natijasida, 75 yildan ortiq muddat davomida GESda oʻrnatilgan elektr qurilmalari, texnologik uskunalar moddiy va maʼnaviy jihatdan eskirib, soʻnggi yillarda mazkur GES oʻrnatilgan quvvatlarda ishlamay qolgan edi.
Modernizatsiya natijasida stansiyada 1 dona gidroagregat oʻrniga har birining quvvati 8,3 MVtdan, umumiy quvvati 16,6 MVt ga teng boʻlgan,
2 dona gidroagregat oʻrnatildi. GES-9 da yangi 16,6 MVt quvvatli gidroagregatlarni oʻrnatish loyihasini amalga oshirish natijasida, yillik elektr energiya ishlab chiqarish koʻrsatkichi 95,0 mln.kVt.soatni tashkil etadi. Bu, oʻz navbatida, ishlab chiqarish quvvatlarini qariyb 2 barobarga oshiradi.
Yangi loyiha ishga tushirilishi natijasida, Toshkent shahrining
60-70 mingga yaqin aholi xonadonlarining elektr energiyasiga boʻlgan talabini GES-9 orqali qoplashga erishiladi.
Shuningdek, ana shunday modernizatsiya loyihalari doirasida “Quyi-Boʻzsuv GESlar kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi GES-14 da olib borilgan modernizatsiya jarayonlari muvaffaqiyatli yakunlanib, yangi quvvatlarda ishlay boshladi.
GESning rasmiy ochilish marosimida “Oʻzbekgidroenergo” AJning masʼul xodimlari, kaskad rahbariyati va xitoylik hamkorlar ishtirok etishdi.
GES-14 “Quyi-Boʻzsuv GESlar kaskadi” UK tarkibidagi 1-stansiya hisoblanib, Boʻzsuv kanalida Toshkent shahridan 15 km uzoqda joylashgan boʻlib, 1944-yilda ishga tushirilgan.
Modernizatsiya doirasida, stansiyada 2007-yildan beri ishlamay kelgan 1 dona 10,7 MVt quvvatli gidroagregat oʻrniga quvvati 7,5 MVtdan, umumiy quvvati 15 MVtdan iborat 2 dona gidroagregat oʻrnatildi. Yillik elektr energiya ishlab chiqarish koʻrsatkichi 90,7 mln.kVt.soatni tashkil etadi.
Yangi 15 MVt quvvatli gidroagregatlarni oʻrnatish loyihasini amalga oshirish natijasida GES-14 quvvati 4,3 MVtga oshirilib, yillik elektr energiya ishlab chiqarish koʻrsatkichining ortishi kutilmoqda.
Yangi loyiha ishga tushirilishi natijasida Toshkent viloyatining
50-60 mingga yaqin xonadonlarining elektr energiyasiga boʻlgan talabini GES-14 orqali taʼminlashga erishiladi.
“Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan “Toshkent GESlar kaskadi” UK (GES-9) hamda “Quyi-Boʻzsuv GESlar kaskadi” UK (GES-14) modernizatsiyasi investitsiyaviy loyihalari Xitoy Xalq Respublikasining Eksimbank kreditini jalb qilgan holda amalga oshirildi.
Modernizatsiya ishlari Jamiyatning nufuzli xorijiy hamkori, loyihaning bosh pudratchi tashkiloti hisoblangan Xitoy Xalq Respublikasining “Power Construction of China Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
GESlarda yangi oʻrnatilgan texnologik jihozlar aqlli avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga ulandi. Bu, oʻz navbatida, elektr qurilmalarini zamonaviy kuzatuv kameralari orqali real vaqt rejimida masofadan kuzatish imkoniyatini beradi.
2020-yilda “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan umumiy quvvati
118,3 MVt boʻlgan 6 ta investitsiya loyihalari doirasida 2 ta yangi GES va 4 ta modernizatsiya doirasidagi GESlar yangi quvvatlarda foydalanishga topshirildi.
Joriy yilda amalga oshirilgan investitsiya loyihalari doirasida xalqimizga qoʻshimcha ravishda 543 mln. kVt.soat elektr energiyasini ishlab chiqarilishiga zamin yaratiladi. Qayd etish lozimki, mazkur loyihalarning ishga tushirilishi natijasida, Jamiyat tomonidan qoʻshimcha 220 dan ortiq yangi ishchi oʻrinlari yaratildi.
Shuni alohida taʼkidlab oʻtish lozimki, Jamiyat tomonidan joriy yilning yanvar-iyul oylarida 7,1 MVt quvvatga ega “Shahrixon GESlar kaskadi” UK (JFK-2) va 15,3 MVt quvvatli “Qodiriya GESlar kaskadi” UK (GES-3) modernizatsiya qilinib, foydalanishga topshirilgan boʻlsa, yil yakuni bilan loyiha quvvati 26,5 MVt boʻlgan “Qamchiq” kichik GESi hamda loyiha quvvati 37,4 MVt boʻlgan “Zarchob-1” kichik GESi yangidan barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring