Ikkinchi jahon urushida 11-marta yaralanib, bir oyogʻidan ayrilgan andijonlik snayper

12:10 07 May 2021 Jamiyat
972 0

9-may sanasi har birimiz uchun muborak sana. Boisi, shu kuni fashizm ustidan gʻalaba qozonilgan. Bu kun ozodlik, tinchlik va osoyishtalik tantana qilingan kun sifatida qadrlidir. Biroq, oltinkoʻllik Xoʻjamberdi ota Turgʻunov uchun ushbu sana alohida ahamiyatga ega. Boisi, otaxon aynan shu sanada dunyoga kelgan.

— Men uchun 9-may-haqiqiy tugʻilgan kunimdir, — deydi Xoʻjamberdi ota gʻurur bilan. — Boisi, bu kun nafaqat, gʻalabaga erishganmiz, balki, ikkinchi marta dunyoga kelganman.

1924-yilda tavallud topgan otaxon umrining eng yorqin lahzalarida, yaʼni 1942-yilda urushga otlandi. 1-Belorussiya frontida oʻqchi- snayper sifatida jangga kirdi. Ayovsiz janglar unga ham rahm qilmadi. Natijada 11-marta yaralandi. Bir oyogʻidan ajraldi. Xizmatda koʻrsatgan jasorati uchun hukumatimiz tomonidan bir nechta orden va medallar bilan taqdirlangan.

— Bugungi dorilamon kunni koʻrib, shukr qilaman, — deydi otaxon suhbatda davom etar ekan. — Hamma narsa muhayyo! Bozor toʻla noz-neʼmat, koʻchalar obod, ishlaganki odam xor boʻlmaydi. Ochlikni, urush xarobalarini, yoʻqotishni koʻrgan odam uchun bu kunlar haqiqiy jannatning oʻzginasi. Ilohim, yurtimizga koʻz tegmasin!

Andijon viloyati hokimining oʻrinbosari Muhammadjon Nishonov Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 76 yillik arafasida Xoʻjamberdi ota Turgʻunov xonadonida boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining urush faxriylariga yoʻllagan bayram tabrigi va esdalik sovgʻasini topshirdi.

— Ayni paytda viloyatimizda 18 nafar urush faxriylari istiqomat qilmoqdalar, — deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Muhammadjon Nishonov. — Ularning har biri holidan xabar olish, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yosh avlod bilan uchrashuvlarini tashkil etib, boy hayotiy tajribasidan bahramand etish bizning kundalik vazifamizga aylangan. Biz tinchlik-osoyishtalikda otayotgan har bir tongimiz, oʻtayotgan har bir kunimiz uchun shukrona bildirar ekanmiz, bilingki, bu shukronalar mana shu kunlar uchun kerak boʻlsa jonini fido qilgan otalarimiz shaʼniga bildirilgan shukronadir!

Qahramonlik unutilmaydi! Ayniqsa, yurt tinchligi, xalq ozodligi yoʻlida jang qilganlar hamisha ardogʻimizdadir!

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер