IIV Namangandagi voqea yuzasidan quyi palata deputati D.Gʻaniyevga javob yoʻlladi

10:33 23 Aprel 2020 Jamiyat
1374 0

Mamlakatimizda aholining tinchlik-osoyishtaligini taʼminlash va sihat-salomatligini asrash masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

"Bugungi kunda dunyoga xavf solib turgan koronavirus kasalligining yurtimizda keng tarqalishining oldini olish hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash borasida ichki ishlar organlari tomonidan boshqa mutasaddi idoralar bilan oʻzaro hamkorlikda qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda aniqlanayotgan huquqbuzarliklarni jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish orqali profilaktikasini taʼminlash ham shular jumlasidandir.

Maʼlumki, joriy yilning 15-aprelida karantin munosabati bilan vaqtincha tashkil etilgan Namangan shahar “Qizilkoʻprik” postida sodir boʻlgan holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 219-moddasi tegishli qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ishga taalluqli barcha materiallar, shu jumladan, voqea joyida olingan videotasvirlar belgilangan tartibda prokuratura organlariga taqdim etilgan.

Ish yakuni boʻyicha voqea ishtirokchilarini har birining xatti-harakatlariga qonuniy baho beriladi va oʻrnatilgan tartibda jamoatchilikka yetkaziladi.

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinadigan xabar va maʼlumotlarni tayyorlashda Vazirlik tizimidagi axborot va matbuot xizmatlari xodimlarining qonuniylik, xolislik va kasb etikasi talablariga rioya qilishlari yuzasidan qatʼiy talablar belgilanib, masʼul xodimlarga tegishli topshiriqlar berildi.

Ichki ishlar organlari qonuniylikni taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda ochiqlik hamda shaffoflik prinsipi asosida ish olib boradi va albatta bunda jamoatchilikning sogʻlom tanqidiga tayanadi.

Xalq vakillari boʻlmish deputatlarimiz tomonidan ichki ishlar organlari xodimlarini jamiyatdagi mavqeini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlari ham eʼtiborga molikdir. Ishonchimiz komilki, xalqimiz manfaatlariga xizmat qilish kabi yuksak vazifamizni bajarishda doimo bir-birimizga koʻmakdosh boʻlamiz" deb yoziladi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi axborotida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер