II Toshkent xalqaro marafonining sovrin jamgʻarmasi qancha?

21:06 20 Fevral 2020 Jamiyat
2258 0

Fotо: Жисмоний тарбия ва спорт вазирлиги

22-mart kuni Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlab II Toshkent xalqaro marafoni boʻlib oʻtadi. Bugun, 20-fevral kuni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida oʻtgan matbuot anjumanida bu haqda batafsil maʼlumot berildi.

Anjumanda Jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari Elbek Shukurov, Milliy olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Yengil atletika federatsiyasi raisi Andrey Abduvaliyev, federatsiya bosh kotibi Kamoliddin Roʻzimuhammedov, II Toshkent xalqaro marafoni bosh koordinatori Boris Jgir, xalqaro ekspert Aleksey Kondrat hamda taniqli sportchilar, matbuot va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Anjuman avvalida Jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari Elbek Shukurov bu yilgi tadbir haqida qisqacha maʼlumot berdi.

“Oʻtgan yili poytaxtimizda ilk marotaba Toshkent xalqaro yarim marafoni yuqori saviyada tashkil etilgandi. Bu yil esa musobaqa nufuzi va koʻlami yana-da kengayib, endi toʻliq marafon oʻtkazilmoqda.

Joriy yilgi marafon toʻrtta masofada tashkil etiladi. Yaʼni uzunligi 42 km 195 m boʻlgan marafon, uzunligi 21 km 97,5 m boʻlgan yarim marafon hamda 3 km va 1,5 km masofalarga yugurish musobaqalari.

Marafon distansiyasi esa World Athletics, yaʼni Jahon yengil atletikasining jamoaviy aʼzosi boʻlgan AIMC – Xalqaro uzoq masofa va marafonlar assotsiatsiyasi tomonidan sertifikatsiyalangan.

Har qanday sport turining asosi – yugurish. Shu maʼnoda mazkur marafon poygalarining oʻtkazilishi shahrimiz aholisi va mehmonlari orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish va yugurishni ommaviylashtirishga, qolaversa sport turizmini rivojlantirish hamda Oʻzbekistonning eng kuchli marafonchilarini aniqlashga xizmat qiladi”, dedi Elbek Habibullayevich.

Shuningdek, matbuot anjumanida II Toshkent xalqaro marafonining umumiy mukofot jamgʻarmasi 350 mln soʻmni tashkil etishi, katta marafon musobaqasi gʻolibi 30 million soʻm, yarim marafon musobaqasida 1-oʻrinni egallagan sportchi esa 12 million soʻm miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanishi aytib oʻtildi.

Umuman, har ikki masofada dastlabki 8ta oʻrinni qoʻlga kiritgan sportchilar uchun mukofot belgilangan.

Qolaversa, 3 km masofaga shaxsiy va jamoaviy hamda 1,5 km masofaga oʻtkaziladigan poygalarda oʻz guruhlarida sovrinli oʻrinni qoʻlga kiritgan sportchilar ham pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Taʼkidlanishicha, II Toshkent xalqaro marafoni Xalqaro yengil atletika federatsiyasi tomonidan marafon yoʻnalishi boʻyicha Tokio-2020 olimpiadasiga reyting ochkolari taqdim etadigan musobaqalar qatoriga kiritilgan. Bu esa ishtirokchilarning musobaqalarga boʻlgan qiziqishni yana ham oshiradi.

Anjumanda jurnalistlarni Xitoyda keng tarqalgan koronavirus epidemiyasi musobaqaga qay darajada taʼsir oʻtkazishi mumkinligi ham qiziqtirdi.

“Koronavirus muammosi butun dunyoga tahdid solayotgani bor gap. Biroq bu bilan katta sport toʻxtab qolgani yoʻq, xalqaro musobaqalar davom etmoqda.

Tadbirni oʻtkazish uchun hukumat tomonidan tegishli qarorlar qabul qilingan. Marafon musobaqasini oʻtkazish uchun Sogʻliqni saqlash vazirligiga ham tegishli topshiriqlar berilgan. Oʻzbekistonda xavfning oldini olish uchun eng zamonaviy ehtiyot choralari koʻriladi”, – deb javob berdi Jismoniy tarbiya va sport vaziri oʻrinbosari Elbek Shukurov.

Anjumanda ishtirok etgan II Toshkent xalqaro marafoni bosh koordinatori Boris Jgir musobaqa oʻtadigan Toshkent trassalari xalqaro talablarga toʻliq javob berishi, oʻz navbatida marafon paytida gʻolibni aniqlash uchun transponder tizimidan foydalanilishi haqida aytib oʻtdi. Bu esa musobaqaning shaffofligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Toshkent xalqaro marafoni oʻtgan yili ham oʻtkazilgan va unda dunyoning 30ga yaqin davlatidan vakillar ishtirok etgan edi. Bu safar musobaqa geografiyasi ancha kengayib, 50dan ortiq davlatdan ishtirokchi kelishi kutilyapti.

Musobaqaning start-finish chizigʻi Afrosiyob va Beshyogʻoch koʻchalarining kesishuvida, “Humo Arena” muz saroyi oldida joylashgan.

Marafon va yarim marafon masofalarida vaqt cheklovi belgilangan boʻlib, sportchilar ushbu vaqt davomida masofani yakunlashlari shart.Qolaversa, marafon, yarim marafon hamda 3 km va 1,5 km masofaga yugurish bahslarida marraga yetib kelgan ishtirokchilarining har biriga maxsus medal topshiriladi.

Shuningdek, tadbir tashkilotchilari va homiylar tarafidan musobaqa gʻoliblari va ishtirokchilarga qoʻshimcha sovgʻalar ham koʻzda tutilgan.

Matbuot anjumanida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.

Marafonga doir qoʻshimcha maʼlumotlar, yaʼni ishtirok qiymati, onlayn roʻyxatdan oʻtish va tadbir yuzasidan boshqa maʼlumotlarni www.uzmarathon.uz saytidan olishingiz mumkin.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер