Ichki ishlar vaziri Qoraqalpogʻistondagi 7 nafar rahbarni ishdan oldi
Fotо: ИИВ ахборот хизмати
Oʻzbekiston ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilgan oʻrganishlar yakuni boʻyicha kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, unda ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Q.Sariyev, respublika va shahar-tuman sektor rahbarlari, jumladan, ichki ishlar, prokuratura, soliq, shuningdek, jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasi uchun masʼul boʻlgan barcha davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Yigʻilishda asosiy eʼtibor 2019-yil davomida va joriy yilning oʻtgan davrida Qoraqalpogʻiston Respublikasida jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash borasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligiga qaratilib, aholi tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va fuqarolarning mol-mulklarini ishonchli muhofazalash, yoshlar ishtirokidagi huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.
Yigʻilish davomida oʻz xizmat vazifalarni bajarishda kamchiliklarga yoʻl qoʻygani va xizmat vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻi R.Yeshimbetov, Probatsiya boʻlimi boshligʻi P.Seytmuratov va Yoʻl-patrul xizmati otryadi komandirining oʻrinbosari A.Masharipov hamda Qonlikoʻl tumani IIB boshligʻi M.Xojamuratov, Toʻrtkoʻl tumani IIB boshligʻining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.Mansurov, Nukus shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari B.Isakov, Nukus shahar 4-son IIB boshligʻi M.Utemuratov, Qoʻngʻirot tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi katta inspektori R.Kalandarovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.
Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi harbiy safarbarlik boʻlimi boshligʻi D.Tadjimov, Nukus shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi X.Ochilov, Qonlikoʻl tumani IIB boshligʻining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.Paluanov, Xoʻjayli tumani IIB boshligʻining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari O.Nuraddinov, Xoʻjayli tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi boshligʻi A.Sariyevning har biriga intizomiy jazo choralari qoʻllanildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring