Ichimlik suvi taʼminoti tiklandi
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Beshariq tuman jamiyati tomonidan Yosh avlod koʻchasida yashovchi fuqaro B.Tursunovning xonadonidagi tarmoqqa bir haftadan buyon toza ichimlik suvi kelmayotganligidan norozi boʻlib Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati oʻrganildi.
— Biz yashab turgan hududdagi koʻplab xonadonlarga toza ichimlik suvi kelmay qoldi. Bu borada mahalla fuqarolar yigʻiniga qilgan murojaatimdan natija boʻlavermagach, Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qildim, — deydi B.Tursunov.
Murojaatni toʻlaqonli oʻrganib chiqilishini taʼminlash maqsadida isteʼmolchi murojaatini oʻrganish ishlariga soha mutaxassislari ham jalb qilindi. Joyida oʻtkazilgan oʻrganishlardan maʼlum boʻlishicha, oʻsha kunlarda ob-havoda kuzatilgan keskin oʻzgarishlar oqibatida elektr taʼminotida tez-tez uzilishlar sodir boʻlgan. Natijada hududni toza ichimlik suvi bilan taʼminlab beruvchi suv nasosi ishlamay qolgan. Yuzaga kelgan holat bartaraf etilib, ishdan chiqqan suv nasosini vaqtinchalik boshqa nasosga almashtirish ishlari esa biroz kechikkan.
Oʻrganish ishlari davomida mazkur suv nasosi “Fargʻona suv taʼminoti” MCHJ Beshariq tuman filiali masʼullari tomonidan yangisiga almashtirilib, aholi xonadonlariga toza ichimlik suvini bir maromda yetkazib berilishiga erishildi. Shuningdek, toza ichimlik suvini hisoblagichlarsiz va oylik meʼyoriy toʻlov asosida isteʼmol qiladigan xonadonlardagi isteʼmolchilar oʻrtasida turli tushunmovchiliklar va noroziliklar kelib chiqmasligi uchun, hududda nasos ishdan chiqib, suv yetkazib berilmay turilgan kunlar qayta hisob-kitob qilinib, mazkur xonadonlarning oylik toʻlovlaridan chegirib tashlanadigan boʻldi.
— Bizning pandemiya sharoitida qilgan murojaatimizni oʻz vaqtida oʻrganib chiqib, ijobiy hal etilishida oʻzlarining beminnat mehnatini ayamagan tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari va tuman ichimlik suvi yetkazib beruvchi tashkilot masʼullariga oʻz minnatdorchiligimizni izhor etamiz, — deydi murojaatini oʻrganish natijalari boʻyicha tuman jamiyatiga bergan minnatdorchilik xatida B.Tursunov. – Murojaatimizni ijobiy hal etilishi natijasida bugun nafaqat mening xonadonim, balki shu tarmoqdan suv isteʼmol qiluvchi 17 ta xonadonga ham toza ichimlik suvi taʼminoti tiklandi.
Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan fuqaro murojaatini oʻrganilishi doirasida har ikki tomon, ichimlik suvini yetkazib beruvchi korxona masʼullari va hudud fuqarolariga isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik asoslarining targʻiboti ham oʻtkazildi.
Ulugʻbek JURAYEV,
Beshariq tuman IHHQ jamiyati bosh mutaxassisi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring