Ibn Sino nomi bilan ataluvchi daraxt borligini bilasizmi?

13:47 27 Oktyabr 2023 Jamiyat
671 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Dunyodagi koʻplab koʻcha-yu xiyobonlar, oʻquv muassasalari, kutubxonalarga jahonda Avitsenna nomi bilan tanilgan buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino nomi berilgan. Qator shaharlarda uning haykalini uchratish mumkin. Eʼtiborlisi, doimo yam – yashil boʻlib turuvchi bir daraxt turi ham Avitsenniya deb atalgan.

Bu nomni unga 1707 -1778-yillarda yashab oʻtgan taniqli shved olimi Karl Linney bergan. Tropik mamlakatlarda oʻsadigan bu daraxt oʻziga xos yaproqlari va pushti gullari bilan ham ajralib turadi. Manbalarda aytilishicha, uning 8 turi bor. Ayrim turlarini xona sharoitida ham oʻstirish mumkin.

Karl Linneyga kelsak, u Shvetsiyaning ovloq bir goʻshasida tugʻilgan. Zamonaviy biologiyaning asoschilaridan biriga aylangan bu inson oʻsimliklar va hayvonlarning birinchi tasnifini yaratgan. Shvetsiya va Norvegiyaning shimoliy qismi Laplandiyaga yolgʻiz oʻzi ekspeditsiya uyushtirib, oʻsimlik va hayvonot dunyosining koʻplab turlarini tadqiq qilgan. Olim maʼlum bir maʼnoda orzular ogʻushida yashagan. Deylik, u Boltiq boʻyida, sovuq oʻlkalarda tropik oʻsimliklarni oʻstirish, paxta yetishtirish, ipakchilikni yoʻlga qoʻyish niyatida boʻlgan. Butun boshli gerbariylar toʻplami, ilmiy asarlari, 2,5 mingta nodir kitobdan iborat kutubxonasi undan qolgan bebaho meros sanaladi.

Qizigʻi, hayotligidayoq dunyo tan olgan olim darajasiga yetganiga qaramay, u oʻrtamiyona turmush kechirgan. Shifokorlik ortidan roʻzgʻor tebratgan. Doktor sifatidagi shon – shuhratga esa dastorbosh yoki boʻyimodaron deb ataladigan oʻsimlik barglari qaynatmasi vositasida bir necha bemorni tuzatgani evaziga erishgan. Shundan soʻng uni shved qirollik saroyiga tabib vazifasiga ishga olishgan. Nazarimizda, aynan shu dalil Karl Linneyning qomusiy olim Abu Ali ibn Sino taʼlimotidan yaxshi xabardorligini koʻrsatadi. Shubhasiz, oʻsimliklarni tadqiq qilish, ulardan foydalanib bemorlarni davolashda unga Avitsenna qoldirgan boy meros qoʻl kelgan.

Qishin – yozin yam – yashil turadigan Avitsenniya daraxtiga keladigan boʻlsak, bu nom zamirida majoziy maʼno borligi kunday ravshan, albatta. Buyuk ajdodimizning boy ilmiy – maʼnaviy merosi asrlar osha yam – yashil daraxtdek yashnab, soyasidan dunyoni bahramand etib turibdi. Bugun Buxoroda boshlangan anʼanaviy anjuman – “XII Xalqaro Ibn Sino oʻqishlari” ilmiy – amaliy konferensiyasida ana shu merosni yanada chuqur oʻrganish masalalari koʻrib chiqilmoqda.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер