Hunarmandlar mahsuloti jahon bozorida xaridorgir

12:45 05 Iyul 2024 Jamiyat
336 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Tarixdan maʼlumki, har bir mahalla foydali ijtimoiy mehnat bandligiga qarab nomlangan. Xalqimiz orasida temirchi, tandirchi, koʻrpachi, novvoy, charxchi kabi nomlar shundan paydo boʻlgan.

Bugungi kunda ham hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. Hunarmandlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, ishlab chiqarish binosiga ega qilish, koʻrgazmalarini tashkil etish borasida xayrli ishlarga qoʻl urildi.

— Hozirgi kunda viloyatimizda 2 ming nafardan ziyod hunarmandlar faoliyati tashkil etildi, — deydi “Hunarmand” uyushmasi Andijon viloyat boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Rustamjon Egamberdiyev. — Andijon shahar, Shahrixon, Andijon va Asaka tumanlarida yogʻoch oʻymakorligi, gazlamaga gul bosish va chokli mahsulot tayyorlash, metall va yogʻoch buyumlari ishlab chiqarish yoʻnalishlarida katta tajriba maktabi yaratilgan.

Oltinkoʻl tumanidagi Jalabek MFYda istiqomat qiluvchi Mirzabahrom Abduvahobov kulolchilik sulolasining 14-avlodi. Unga loyga sayqal berish orqali sanʼat asari darajasidagi mahsulotlarni tayyorlash ota-bobolaridan meros.

— Ilk bor buyum yasaganimda uch yoshda edim, — deydi hunarmand Mirzabahrom Abduvahobov. — Oʻshanda otamning mahorat maktabida saboq olganman. Keyin Oʻzbekiston xalq ustasi Kamoliddin Turolovdan zamonaviy kulolchilikni oʻrgandim. Ayni paytda oʻzim ham ustoz sifatida yuzlab shogirdlarga kulolchilikning sir-sinoatlarini oʻrgatib kelyapman.

Mirzabahrom aka buyumlarni tayyorlashda unutilayotgan uslublarga qayta hayot bagʻishlaydi. Shundan ustaxonasidan xorijliklarning qadami uzilmaydi.

— Ustaxonamga mamlakatimizdagi xorijiy elchixonalarning barcha elchilari tashrif buyurgan, — deydi u faxr bilan. — Qolaversa, dunyoning oʻnlab mamlakatlaridan kulollar kelib, tajriba almashadi. Buyumlardagi boʻyoqlarni ham tabiiy usulda oʻzimiz tayyorlaymiz. Olti-yettita togʻ jinslarini maydalab, tolqon shakliga keltiramiz. Keyin bir-biriga aralashtirib, rang hosil qilamiz. Tabiiy ranglarning afzalligi tezda oʻchib ketmaydi. Sayyohlar qoʻl mehnati bilan yaratilgan buyumlarni qadrlaydi.

Mirzabahrom Abduvahobov dunyo kezgan kulol. Mahsulotlari Yevropada xaridorgir. Ayni paytda ustaxonasida 500 turdan ziyod buyumlar saqlanadi. Ular orasida bir necha yuz yillik tarixga ega shakllar mavjud. Bu buyumlar viloyatda hunarmandchilikning rivojlanishi sayyohlik salohiyatining ortishiga ham xizmat qilmoqda.

Andijon shahridagi “Registon”, Shahrixon tumanidagi “Hunarmandlar markaz”larida ham oʻnlab hunarmandlarning ishlab chiqarish ustaxonasi va savdo rastalari tashkil etilgan. Sayyohlar mahsulotning yaratilishini oʻz koʻzi bilan koʻradi. Ijod jarayoniga bevosita oʻzi ham ishtirok etishi mumkin. Viloyat markazidagi Temirchilik rastasida ham ellikdan ortiq temirchilar ustaxonasi joylashgan. Ochiq osmon ostidagi muzeyga aylangan bu hududda aholi istiqomat qilib, hunarmandchilik bilan shugʻullanadi. Andijon tumanidagi “Zavroq” MFYda aholi oʻz xonadonida koʻrpa-toʻshak tayyorlash bilan mashgʻul. Ayni paytda chevar xotin-qizlarimizning mahsulotlari ham Qirgʻiziston, Tojikiston, Rossiya davlatlariga eksport qilinmoqda.

Xulosa oʻrnida, viloyatimizda hunarmandchilikning oʻziga xos mahorat maktabi yaratilgan. U bir necha yuz yillik tarixni, madaniyatni, anʼana va urf-odatlarni oʻzida mujassam etgani bilan yanada qadrlidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер