Hunarim meni jahonga tanitdi

13:02 25 Dekabr 2024 Jamiyat
335 0

Ustaxonamiz muzeyni eslatadi. U koʻhna Buxoroning qoq markazida joylashgan. Sayyohlar esa qiziquvchan. Zardoʻzlik buyumlarini uzoq tomosha qiladi. Stol ostiga biror bir dastgoh oʻrnatilmaganmikan, deya sinchiklab qaraydiganlari ham uchrab turadi. Hatto kunchiqar yurtdan kelgan bir sayyoh “Bu buyumlarni tikuv mashinamda bir zumda tayyorlay olaman”, deganini yaxshi eslayman. Ammo u qoʻl mehnati bilan betakror sanʼat asarlari yaratilayotganini koʻrib lol qolgan. Bizga shogird tushish istagini bildirgan edi.

Shu hunar ortidan elga tanildim. Nafaqat yurtimizda, xorijda ham shogirdlarimiz koʻp. Yaponiya, Gretsiya, Polsha, Italiya, Tojikiston kabi davlatlardan kelib, zardoʻzlik sir-asrorlarini oʻrganib ketishdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan shahrimizda boʻlib oʻtayotgan Zardoʻzlik va zargarlik xalqaro festivalida ular ham mahoratlarini oshirayapti.

2024-yil hunarmandlar oilasi sanalgan xonadonimiz aʼzolari uchun esda qolarli kechdi. Festivalda faol ishtirok etdik. Rafiqam Muqaddasxon bilan hamkorlikda tayyorlagan oʻndan ziyod zardoʻzlik mahsulotimiz yurtimiz va xorijda tashkil etilgan koʻrgazmalarda alohida eʼtirof etildi. “Buxoroyi Sharif”, “Qoʻshtovus”, “Gultuvak”, “Alisher Navoiy”, “Bahor”, “Amir Temur” kabi yirik polotnoli asarlarimiz muzeylarda saqlanmoqda. Zardoʻzlikning yillar sinovidan oʻta oladigan namunalarini yaratish ustida ishlashda davom etyapmiz.

Ostonada turgan 2025-yildan umidimiz katta. Avvalo, yurtimiz tinch boʻlsin. Har bir kishi kasb-u hunaridan baraka topsin. Bilasiz, zardoʻzlik ming yillik tarixga ega. Davlatimizning hunarmandchilikni asrab-avaylash borasidagi oqilona siyosati tufayli u yurtni jahonga tanitadigan chinakam sanʼat darajasiga koʻtarildi. Biz shu xayrli ishga kamtarona hissa qoʻshayotganimizdan xursandmiz.

Baxshulla JUMAYEV,

Oʻzbekiston xalq ustasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер