Hududlarda infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha yuborilgan parlament soʻrovi natijalari koʻrib chiqildi

12:57 06 Fevral 2026 Siyosat
613 0

Senatning 13-yalpi majlisida hududlarda infratuzilmani rivojlantirish va qurilishlarni tartibga solish boʻyicha koʻrilayotgan choralar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalar yuzasidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilgan. Xususan, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida oʻzboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarni aniqlash hamda bartaraf etish boʻyicha avtomatlashtirilgan tizim yaratilib, ushbu tizim Adliya vazirligining “Notarius”, Ichki ishlar vazirligining “E-maʼmuriy ish”, Oliy sudning “Adolat”, Kadastr agentligining “UzKad” axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan.

Bugun noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish boʻyicha sudlarga inson omilisiz toʻgʻridan-toʻgʻri avtomatik tarzda daʼvo kiritish mumkin. Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslar ham onlayn rejimda “Ogoh fuqaro” platformasi orqali vakolatli organga xabar berishlari mumkin.

Shuningdek, Davlat arxitektura nazorati departamenti hamda tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimlari xodimlari tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini olish uchun attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda maxsus guvohnomaga ega.

Soʻrovda koʻtarilgan masalalarning ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-sentyabrdagi tegishli qarori qabul qilingan. Unga muvofiq Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi zimmasiga buyurtmachining texnik nazorati va loyiha tashkilotlarining mualliflik nazoratini hamda pudrat tashkiloti ichki nazorat tizimining ishlashi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish va monitoring qilish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-sonli qarori bilan tasdiqlangan 6 ta maʼmuriy reglamentga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan. Jumladan, arxitektura rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish, qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun obyektni roʻyxatdan oʻtkazish va qurilish-montaj ishlari tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish vazifalari belgilangan.

Bundan tashqari, Arxitektura-shaharsozlik kengashlarining faoliyati raqamlashtirilib, qurilishga doir loyiha-smeta hujjatlarini “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali kelishish tartibi joriy etilgan.

Senatorlar amalga oshirilgan ishlardan tashqari, oʻz yechimini kutayotgan masalalarga ham eʼtibor qaratdi.

Xususan, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish loyihasining texnik-iqtisodiy asosini tasdiqlash ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Shuningdek, buyurtmachi hokimliklar boʻlgan loyihalarda oʻzlashtirish hajmi 2,5 trln soʻm yoki umumiy limitga nisbatan 87,1 foizni tashkil etgan. Jumladan, Xorazm (63,5 %), Toshkent (71,7 %) viloyatlarida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida (73,3 %) past koʻrsatkichlar qayd etilgan.

Muhokama yakunida Senatning yuqorida koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etishga hamda bu borada parlament nazoratini olib borishga qaratilgan qarori qabul qilindi.

Akmal MUHAMMADOV, Yunus BOʻRIYEV

(“Xalq soʻzi”) olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер