Prokuror «Hududgaztaʼminot» AJ boshqaruvi raisi etib tayinlandi
Andijon viloyati prokurori lavozimida ishlab kelayotgan Marufxon Xodjayev «Hududgaztaʼminot» AJning boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi PQ-4388-sonli «Iqtisodiyot va aholini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlashni taʼminlash, neft-gaz sohasini moliyaviy sogʻlomlashtirish va boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori bilan «Hududgaztaʼminot» aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan va shu davrdan buyon Bahodir Eshmuratov unga raislik qilib kelayotgandi.
Faoliyati davomida Transport prokurorining birinchi oʻrinbosari lavozimida ham ishlagan Marufxon Xodjayev 2023-yilning avgustidan buyon Andijon viloyati prokurori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.
Shuningdek, Nabiyev Fitratullo Neymatulla oʻgʻli Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy tadqiqot instituti direktori boʻldi. U bunga qadar vazirlikning Yigʻma axborot-tahlil boʻlimi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring