“Hududgaz Toshkent”: “Raqamli Oʻzbekiston-2030” strategiyasining amaldagi isboti
Foto: Халқ сўзи
Yaqin-yaqingacha aholini qish-qirovli kunlarda suyultirilgan gaz bilan muttasil taʼminlash borasida Toshkent viloyatida talay muammolarga duch kelinar, ayniqsa, chekka qishloqlarda, togʻoldi va togʻli hududlarda yashovchilar qator noqulayliklardan aziyat chekar edi. “Hududgaz Toshkent” GTF jamoasi bu mushkulotlarni bartaraf etishga jadal kirishdi. Bunda Prezidentimizning 2020-yil 5-oktyabrdagi “Raqamli Oʻzbekiston-2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni dasturilamal boʻlmoqda.
—Hudud aholisiga tezkor va sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida zamonaviy gaz toʻldirish shoxobchalari tashkil etildi, - deydi “Hududgaz Toshkent” GTF direktori oʻrinbosari Akmal Yuldoshev. — “Mahallabay” ishlash tizimi orqali uyma-uy yurib, 297 ta mahalladagi muammolarni oʻrganib chiqdi. Ayni kunlarda 44 ming 500 dan ziyod isteʼmolchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi. Xatlovlarga koʻra, 2021-yil oktyabr-dekabr oylarida aholiga 1 967,990 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan. Chekka qishloqlarda, togʻoldi va togʻli hududlarda yashovchilarga xizmat koʻrsatuvchi barcha gaz taʼminoti boʻlimlari zamonaviy texnikalar, jumladan, yoʻl tanlamas “MAN” rusumli yuk tashuvchi transport vositalari bilan taʼminlandi.
Tizimga joriy etilgan “E - Gaz” dasturi ixtisoslashgan davlat xizmatini samarali shakllantirish imkonini bermoqda. Bunda asosan aholi qoʻlidagi maishiy gaz ballonlariga maxsus bar kodli stikerlar oʻrnatilib, isteʼmolchilarga ID-kartalari tarqatildi. Bu yangilik tufayli viloyatning barcha hududlarida isteʼmolchilarga yetkazib berilayotgan suyultirilgan gaz hisobini tizimli yuritish yoʻlga qoʻyildi. Endi ilgarigidek ayrim hududlarda isteʼmolchilarga suyultirilgan gaz yetkazishni asossiz kechiktirish, hattoki bu borada baʼzi bir shaxslar tomonidan taʼmagirlikka ham yoʻl qoʻyish, gaz ballonlari tarqatishda narxlarni sunʼiy oshirish holatlariga barham berildi.
Bu jarayon viloyatning Oqqoʻrgʻon, Oʻrta Chirchiq, Chinoz, Yangiyoʻl, Quyi Chirchiq, Bekobod, Piskent tumanlari va Bekobod shahri aholisiga namunali xizmat koʻrsatayotgan “Quyichirchiq gaz toʻldirish shaxobchasi” va “Yangiyoʻltumangaz” jamoalari faoliyatida yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Ushbu shoxobchalar “Hududgaztaʻminot” AJ tomonidan zamonaviy gaz quyish kalonkasi, kompressor va nasos uskunalari bilan qayta jihozlandi. Xodimlarning bilim va tajribasi oshirilib, namunali xizmat koʻrsatish madaniyati shakllantirildi.
Ayni kunlarda viloyatda 3 million 600 mingdan ortiq isteʼmolchilarga bir oyda oʻrtacha 50 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.
Darvoqe, bar kodli stikerlarning oʻrnatilishi maishiy gaz ballonlaridan foydalanish jarayonini toʻliq nazorat qilish imkoniyatini yuzaga keltirdi. Yaʼni qaysi gaz ballon isteʼmolchida, qaysinisi gaz toʻldirish shoxobchasida yoki sinov markazida ekanini, shuningdek, qaysi biri qoʻshtirnoq ichidagi tadbirkorning noqonuniy foydalanishida turganini “on-line” rejimda kuzatish mumkin.
Dasturning yana bir qulayligi shundaki, isteʼmolchiga yetkazib beriladigan maishiy ballondagi 20 kg suyultirilgan gazga 22.400 soʻmdan qatʼiy xarid narxi belgilandi. Bu albatta, suyultirilgan gaz narxini sunʼiy oshirishga yoʻl qoʻymaydi.
“Hududgaz Toshkent” GTF jamoasi erishgan yana bir yutuq har bir isteʼmolchi uchun shaxsiy kabinet yaratilganidir. U orqali har kim oʻziga tegishli (hisobidagi mablagʻ, mahsulot yetkazib berilish tarixi, oxirgi va keyingi mahsulot oladigan kuni toʻgʻrisidagi) maʼlumotlarni kuzatib boradi. Shuningdek, SMS xabarnoma orqali suyultirilgan gaz uchun toʻlov amalga oshirilganda, hisobdagi mablagʻ kamayganda yoki mahsulot kelishiga 5-6 kun vaqt qolganda eslatma beriladi.
Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring