“Hozir bizda ish kuni degan tushuncha yoʻq”

19:45 21 Iyul 2020 Jamiyat
1289 0

Bugun millionlab, milliardlab odamlar koʻzga koʻrinmas yov- koronavirusdan asralish maqsadida oʻzlarini ehtiyot qilayotgan bir paytda, shifokorlarimizning bu balo bilan yuzma yuz kurashayotganligini haqli ravishda tengsiz jasorat deyish mumkin. Bu Sirdaryo viloyati yuqumli kasalliklar kasalxonasi bosh shifokori Bahrom Tursunov bilan boʻlgan quyidagi eksklyuziv suhbatda ham oʻz ifodasini topgan.

—Bahrom Sagdullayevich, kechagi ish kuningiz soat nechchida tugadi?

— Ochigʻi, hozir bizda ish kuni degan tushuncha yoʻq. Negaki, vaziyat biz shifokorlardan soatga qarab emas, natija uchun ishlashni talab qilyapti. Mana deylik, kecha 14 nafar bemorni uyiga kuzatdik. Shodu hurram chehralarni koʻrishning oʻzi dam olishga aylangan, biz uchun. Tungi soat ikkida ham qoʻngʻiroqlar tinmadi. Nega desangiz, statsionar davolashdan tashqari, uydagi bemorlar muolajasi boʻyicha ham tavsiyalar berib turibmiz.

— Harqalay xodimlar biroz boʻlsa-da, dam olishsa kerak...

— Ha, albatta. Ular uchun barcha sharoitlari bor alohida xona tashkil etganmiz. Olti soat ishlashadi, olti soat dam olishadi. Demak, bir kecha-kunduzda 12 soat oyoqda turishyapti. Ammo zarurat boʻlganda, jamoamiz aʼzolariga rahmat, mening dam olish vaqtim deb qarab oʻtirmaydi, zarur yordamga shoshiladi.

— Kasalga chalinganlari yoʻqmi?

— Shukrki, apreldan buyon koronavirusga qarshi kurashayotgan boʻlsak, hali biron xodimimiz bu virusni yuqtirib olgani yoʻq. Ularning bari oʻz ishini va eng muhimi, kasallikdan himoya tartibiga qanday rioya qilish kerakligini mukammal biladi.

— Tor doiradagi vrachlar maslahatini olishda muammolar boʻlmayaptimi?

—Yoʻq. Elektron aloqa va ayniqsa “Telemeditsina” tufayli qaysi doktor u qayerda va kunning qaysi vaqti boʻlmasin, undan uzogʻi bilan 10 minutda kerakli tavsiyalarni olyapmiz.

— Koronavirus bilan bogʻliq uskunalar yetarlimi?

— Yetarli, yana qoʻshimcha sunʼiy nafas olish apparatlarini oldik, hozir bunday uskunalarimiz 14 ta.

— Jamoangizdan kimlarni eng fidoyilar deb aytar edingiz.

— Maylimi, butun kasalxona jamoasini desam. Chunki, jamoamizda koronavirus bilan bogʻliq jarayonda barcha birdek faollik koʻrsatmoqda. Shunday boʻlsa-da, vrach-reanimatologlar Faxriddin Hamidov, Ahad Xudoyberdiyev, vrach- infeksionist Sayfulla Allanazarov, dezinfeksiyachilar Muqaddas Madaliyeva, Maʼruf Qoʻziboyev kabilarni alohida tilga olsam arziydi. Ayniqsa, yana bir necha fidoyilarning mehnatiga qancha tahsin aytsam oz. Deylik, laboratoriya xodimi Xanifa Mamarahimova bir oʻzi ham tahlil olib, ham uning natijasini aniqlash bilan tunu kun mashgʻul boʻlsa, rentgenologimiz Behzod Madrahimov tashxis uchun eng zarur boʻlgan davolash jarayonining asosiy nuqtalaridan biri- rentgen koʻrigini oʻz vaqtida, eng muhimi, aniq-tiniq bajarib, pirovard natijaga oʻzining katta hissasini qoʻshmoqda. Yana bir fidoyimiz esa, bu dorixonamiz mudiri Abdujalil Dushayev. Ayni uning oʻz ishiga masʼuliyati yuqoriligi tufayli, hali bironta doriga zoriqqanimiz yoʻq...

...Bosh shifokor bilan muxtasar suhbatdan mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimidagi bugungi oʻta qaynoq va mashaqqatli mehnat jarayonini his qilish mumkin. Zero, hozir xalqimizning tom maʼnodagi qahramonlari boʻlgan bu sharafli kasb egalarining shijoati tufayli minglab yurtdoshlarimiz davo topmoqda, qancha-qancha oilalarning ota-onalari, farzandlari, jigarbandlari omon-eson uylariga qaytishmoqda.

Kelinglar, tasannolar aytgan holda, shifokorlarimiz mehnatini qadrlaylik va ularga yordam beraylik. Bizning koʻmagimiz esa: tibbiyot xodimlarinikidan ming chandon oson va oddiy:

— Uyda qolaylik va oʻzimizni koronavirus balosidan asraylik!

Ahmadali SHERNAZAROV yozib oldi,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер